21:41 / 27.02.2020
19
71552
«Xalqimizga baliq emas, qarmoq berishimiz kerak» - Prezident

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda tadbirkorlikni rivojlantirish va kasbga tayyorlash orqali kambag‘allikni kamaytirish choralari belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 fevral kuni tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Men bu haqda birinchi marta Oliy Majlisga Murojaatnomamda gapirdim, ya'ni bizda kambag‘allikning ko‘pligi to‘g‘risida.

Afsuski, biz shu paytgacha aksariyat fuqarolarimiz haqiqatan ham kambag‘al ekanini ko‘rib-ko‘rmaslikka, eshitib-eshitmaganlikka oldik. Bu noto‘g‘ri. Afsuski, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, xalqimizning 4-5 foizi kambag‘al ekani ayniqlandi. Endi yashirish kerak emas, og‘ir sharoitlarda yashayotgan odamlarimizning asl muammosi, vaziyatini tushunishimiz, barcha toifadagi rahbarlar dunyoqarashimizni o‘zgartirishimiz lozim bo‘ladi.

Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, ayrim oilalarning topayotgan oylik daromadining qariyb 70 foizi, Xudo ko‘rsatmasin, o‘sha xonadonda kimdir og‘ir betob bo‘lsa, yetmay qolyapti. Xo‘sh, bunday oilalarni o‘ziga to‘q, deya olamizmi? Albatta, yo‘q. Rosti, prezident sifatida odamlarimizning nima iste'mol qilayotgani, sog‘lig‘i haqidagi o‘ylar har kuni meni qiynaydi.

Qashqadaryo viloyati kambag‘allik muammosi bo‘yicha eng og‘ir hudud hisoblanadi. 700 ming aholi kambag‘al. Bu jami aholining qariyb 21 foizini tashkil etmoqda. Bu vaziyatda Qashqadaryoda rahbarlar bir joyda o‘tirishi mumkin emas. Odamlarimizni bunday og‘ir sharoitdan qanday chiqarib olamiz, degan savolni o‘ziga berishi lozim.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 500 ming, Surxondaryo viloyatida 500 ming, Namangan viloyatida 400 ming, Jizzax viloyatida 210 ming va Sirdaryo viloyatida 130 ming aholi kambag‘al. Bu raqamlarni mahallalar kesimida olsak, yanada og‘ir raqamlarga guvoh bo‘lamiz. Masalan, Parkent tumanining «Yangiobod» mahallasida 1039 nafar kam ta'minlagan va kambag‘allar bor. Oltinsoy tumani «Mirshodi» mahallasida 906 nafar, Boysun tumani «To‘da» mahallasida 504 nafar fuqarolarimiz og‘ir ahvolda yashayapti.

Endi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari bilan birgalikda kambag‘allikni kamaytirish va tadbirkorlik muhitini shakllantirishi lozim bo‘ladi.

Har bir hududda bittadan kasb-hunar kollejida xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda biznes va kasbga o‘qitish markazlari tashkil qilinadi. Kambag‘allikni kamaytirish – bu oilaning oylik yoki nafaqasini ko‘paytirish, ommaviy kredit berish, degani emas. Ta'bir joiz bo‘lsa, shu vaqtgacha biz odamlarimizga baliq berdik. Bu tajriba o‘zini mutlaqo oqlamadi. Xalqimizga baliq tutishni o‘rgatishimiz, qarmoq berishimiz lozim», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top