17:53 / 02.03.2020
1
19919
Kim bo‘lsa ham yordam bergandan Xudo rozi bo‘lsin, juda xor holatda qoldim...

Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanining «Ozod» mahalla fuqarolar yig‘ini. Kech bo‘lib qolganiga qaramay, Sirdaryo viloyatidan qaytishda Baxt ko‘chasi, 35-uyda istiqomat qiluvchi yurtdoshimiz holidan xabar oldik. Maqsadimiz, xolis niyatli, saxovatpesha, ehsonsevar vatandoshlarimizning xayrli ishlariga sababchi bo‘lish va savobli amalga sherik bo‘lish.

Biz Qurbonbek aka bilan uzoq suhbatlashdik, uning dardini tingladik. Bir vaqtlar ustachilik qilgan, bugungi kunda ko‘zi mutlaq ojiz bo‘lib qolgan, birinchi guruh nogironi Qurbonbek aka hamyurtlarining saxovatiga, yordamiga muhtoj.

«2018 yil xotinim belidan suyak yemirilishiga chalinib bo‘lib, sil kasalligi shifoxonasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun harakat qildim. Bordi, yotdi, operatsiya qilinadigan bo‘ldi, lekin yuragi ko‘tarmadi. Mening ham yuragim yomon bo‘lgani uchun davolanishga pul qidira boshladik. Hech qayerdan pul topolmadim, ko‘zim ko‘rmaydi, birinchi guruh nogironiman.

Men hozir tovuqxonada turibman. Bu yerda tovuq, g‘oz, o‘rdak boqardik. Ko‘zim ko‘rgan vaqtlari qurganman. 10-15 yil oldin. Hozir mana shu ahvolga tushib qoldik. Xotinim shamollab, mazasi bo‘lmay, Kelesdagi sil kasalliklari shifoxonasida yotibdi. 6 oydan beri yordam beradigan odam qidiraman. Juft raqamli telefonlarga qo‘ng‘iroq qilib, iltimos menga yordam beringlar, deb 6 oydan buyon yalinaman. Nonsiz o‘tirgan vaqtlarim ham bo‘ldi (yig‘laydi).

4 yil ovora bo‘lib, nogironlikka chiqdim. Xudo o‘zi, rahmi keldimi, siz qo‘ng‘iroq qildingiz. Asab tufayli, oyog‘im ishlamay qoldi. Xudo nasib qilib, xotinim (shifoxonadan) chiqib qolsa, pensiyani olib davolanaman. Miyamda o‘simta bor, tutqanog‘im bor, qand kasalligim bor. Bir amallab, oyoqqa turib olsa bo‘ldi edi. Sizlarga qo‘ng‘iroq qilganim, ozgina yordam berib yuborsalaring, kim bo‘lsa ham yordam bersa, Xudo rozi bo‘lsin. Juda xor holatda qoldim», - deydi Qurbonbek aka.

Aziz saxovatparvar vatandoshlar, xabaringiz bor, siz-u biz necha-necha yordamga muhtoj, davolanish ilinjida bo‘lgan hamyurtlarimiz og‘irini yengil qilib, duolarini oldik. Bunday natijalarga o‘zbek xalqi birgalikda erishdi va erishib kelmoqda.

Keling, yana bir hamyurtimiz, sochiga oq tushgan otaxon duosini olaylik, og‘irini yengil qilaylik. Umidimiz, yaxshi amallarimiz savobi ko‘paytirib berilsa!

Ushbu xayriya aksiyasi poyoniga yetdi, yordam berganlarga Alloh savoblarini ko‘paytirib bersin!

Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz, darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top