14:10 / 10.03.2020
11515
Toshkentdagi yerusti o‘tish yo‘llari keksalar va nogironlar uchun emas. Ularning egasi kim?

So‘nggi yillarda Toshkent shahrida piyodalar uchun bir nechta yer usti yo‘l o‘tkazgichlari qurildi. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan buning ijobiy jihatlari ko‘p. Lekin yangi qurilgan bo‘lsa-da, ularning katta qismida o‘rnatilgan eskalator va liftlar ishlamayapti.

Nogiron va ko‘zi ojiz kishilarning jismoniy imkoniyati cheklanganini hisobga olsak, yuqoriga chiqib-tushish ularga ancha qiyinchilik keltirib chiqarishi tabiiy, albatta.

Kuzatuvlarimiz davomida guvoh bo‘ldikki, Chilonzor, Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlarida bunyod etilgan piyodalar yer usti yo‘l o‘tkazgichlarning ba'zilarida lift va eskalatorlar ishlamaydi.

Eng gavjum chorrahalardan bo‘lgan, «Milliy» stadioni va «G‘afur G‘ulom» bog‘i yonidagi piyodalar yo‘l o‘tkazgichiga o‘rnatilgan, piyodalarga qulaylik yaratilishi maqsad qilingan lift va eskalatordan foydalanish imkonsiz. Vaholanki, liftga kirish eshigiga nogiron fuqarolar foydalanishi mumkinligi haqida yorliq yopishtirilgan.

«Novza» va «G‘afur G‘ulom» metro bekatlari yaqinidagi piyodalar yo‘l o‘tkazgichlarining lift va eskalatorlari ishlayotganini ko‘rish mumkin. Biroq boshqa joylardagi obektlarda bularning aksi. Hatto ularning ba'zilarida lift va eskalatorning o‘rni bor, o‘zi esa yo‘q. Chilonzor tumani Oqtepa mahallasidagi chorrahada qurilgan ikki yo‘l o‘tkazgichda ham maxsus qulaylik o‘rnatilmagan.

Bugun qanchadan-qancha kishilar bu yer usti ko‘priklaridan foydalana olmayotganiga kim javob bera oladi? Ularning ishlamasligiga sabab nima? Ularning doimo foydalanishga shay bo‘lib turishi uchun javobgar tashkilot qaysi?

Shu kabi savollarga javob olish maqsadida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga aloqaga chiqdik. Ma'lum qilishlaricha, ushbu obektlar «Ko‘prikqurilishloyiha» unitar korxonasiga qarashli ekan. Ular esa bu ish «ularning bo‘ynidan soqit qilingani» va bunga hech qanday javobgar emasliklarini bildirishdi.

Surishtiruvlarimiz natijasida ushbu inshootlar Toshkent shahar obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli ekani ma'lum bo‘ldi. Biroq boshqarmaning piyodalar yo‘l o‘tkazgichlari ekspluatatsiyasi va tozaligiga javobgar bo‘lgan xodim bilan qo‘ng‘iroq orqali bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Viloyatlarda ko‘priklarni loyihalashtirish va qurish bilan shug‘ullanadigan «Ko‘prik yo‘l loyiha» MChJ bosh direktori To‘lqinjon Qo‘ldoshevdan izoh olishga muvaffaq bo‘ldik.

To‘lqinjon Qo‘ldoshev

«Odatda piyodalar qatnovi ko‘p joylarga talabdan kelib chiqqan holda loyihaga buyurtma beriladi. Loyiha qiluvchi tashkilotlar, jumladan, «Boshtransloyiha», «O‘zyo‘lloyiha», «Yo‘l-loyiha byurosi» kabi tashkilotlarga buyurtma berilib, loyihalar tayyor bo‘lgach, uning ekspertiza xulosalari chiqqandan so‘ng moliyalashtirish Moliya vazirligi hisobidan amalga oshiriladi.

«G‘afur G‘ulom» metrosi yaqinidagi ko‘priklarning eskalatorlari doimiy ravishda ishlab turadi. Buni o‘zim ham ko‘rganman. Qolgan joylardagi ko‘priklarda nega ishlamayotgani yoki o‘rnatilmagani xususida har xil xulosaga kelish mumkin. Moliyalashtirish masalasida qiyinchilik bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Quruvchining ishi faqatgina qurib bitkazish. Unga qur desa, quradi. Qurma desa, qurmaydi. Lekin ular qurib topshirganidan ularning ishlamasligiga o‘zining balansiga olgan tashkilotlar javobgar hisoblanadi. Shu bilan birga, eskalatorga ham, liftni ishlatishga ham mas'ul xodimlar qo‘yilishi kerak.

Texnikalarni olib kelish uchun ham katta xarajat talab etiladi. Ular arzon emas. Qarovsiz qoldiriladigan bo‘lsa, har qanday narsa buzilishi mumkin. Yosh bolalarning, qariyalarning chiqishi bor. Ularga ko‘z-quloq bo‘lib turish zarur.

Shuningdek, ushbu texnikalarni yurgizish uchun elektr energiyasi talab etiladi. Agar eskalator yoki lift qo‘yilmagan bo‘lsa, demak, imkoni bo‘lmagandir. Asosiysi, qurilgan va qanchadir miqdorda odamlarning og‘irini yengil qilishga yordam bermoqda», – dedi To‘lqinjon Qo‘ldoshev.

O‘ylaymizki, yaqin kunlarda ushbu muammolar bartaraf etiladi va kishilarning og‘irini yengil qilishga qaratilgan masala o‘z yechimini topadi. Shu bilan birga, tegishli tashkilotlar ham vaziyatga mas'uliyatliroq yondashadi, degan umiddamiz.

Kun.uz muxbirlari: Mahmudov Yigitali
Rahmatov Doston

Top