17:15 / 11.03.2020
29512

Ekspert: Xitoyning kambag‘allikni kamaytirish borasidagi tajribasini O‘zbekistonda ham qo‘llash mumkin

Xitoyda har bir rahbar yoki partiya xodimi xalqqa g‘amxo‘rlik qilishi va to‘rt-beshta oilani o‘z homiyligiga olishi kerak. Kam ta'minlanganlarga ijtimoiy nafaqalar o‘rniga urug‘lar, ko‘chatlar, mikrokreditlar, axborot xizmatlari, texnologik yordam, mukofot va boshqa turdagi rag‘batlantirishlar ajratiladi.

Foto: REUTERS

Xitoyning kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha tajribasi O‘zbekiston uchun bu muammoni hal qilishda eng yaxshi namuna bo‘lishi mumkin. Bu haqda taniqli sinolog, falsafa doktori va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori Ismat Bekmurotov Sinxua agentligiga bergan intervyusida aytdi.

Bekmurotovning fikricha, Xitoyda kambag‘allikni kamaytirishda "2021 yilgacha farovon jamiyat qurish to‘g‘risida"gi konsepsiyaning amalga oshirilishi muhim rol o‘ynaydi. Mazkur hujjatda belgilangan o‘ziga xos "yo‘l xaritasi"ni O‘zbekistonda ham qo‘llash mumkin.

Ekspert Xitoyda kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan ayrim choralar haqida so‘z yuritdi. Jumladan, har bir rahbar yoki partiya xodimi xalqqa g‘amxo‘rlik qilishi va to‘rt-beshta oilani o‘z homiyligiga olishi kerak. Kam ta'minlanganlarga ijtimoiy nafaqalar o‘rniga urug‘lar, ko‘chatlar, mikrokreditlar, axborot xizmatlari, texnologik yordam, mukofot va boshqa turdagi rag‘batlantirishlar ajratiladi. Aholiga bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlash va moliyaviy savodxonlik asoslari o‘rgatiladi. Bundan tashqari, joylarda mahalliy chorvachilik, dehqonchilik va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha kurslar olib boriladi. Har bir oila a'zosi kamida bitta kasbni egallashi shart.

Muhtoj oilalarga yashash sharoitlarini yaxshilash uchun 100 ming yuan (14 ming AQSh dollari atrofida) miqdorida mablag‘ ajratiladi, deydi olim. Mahalliy hokimiyat ko‘magi bilan kam ta'minlangan oilalarda ta'mirlash ustaxonasi, fermer xo‘jaligi yoki kichik ishlab chiqarish sexi tashkil etiladi.

Aholining kam ta'minlangan qismiga ijtimoiy kafolatlar - ta'lim, tibbiy xizmat va uy-joy beriladi. Shunday qilib, hukumat xalq bilan o‘zaro ishonchli munosabat o‘rnatdi va bu yo‘nalishda ma'lum yutuqlarga erishdi, deydi I. Bekmurotov.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Xitoyning qashshoqlikni kamaytirish borasida erishgan yutuqlarini yuqori baholab, Xitoyda 700 milliondan ortiq kishi qashshoqlikdan qutulganini, bu esa butun dunyo bo‘yicha qashshoqlikning keskin kamayishiga olib kelganini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 12-15 foiz atrofida ekanini ma'lum qilgandi.

“Har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi, bizda ham kam ta'minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu – kichkina raqamlar emas. Gap 4-5 million aholi vakillari haqida ketyapti. Bu – juda katta raqam”, degandi prezident.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish ustuvor vazifa etib belgilanganini aytdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha shu yilning o‘zida 700 million dollarlik dasturlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. 

Top