14:56 / 11.03.2020
0
12585
Nyu-York yaqiniga harbiylar yuborilmoqda. U yerda koronavirus o‘chog‘i aniqlandi

Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo Nyu-Roshell shahrida bir milya (1,6 km) radiusda koronavirus bilan zararlangan alohida hudud tashkil etilishini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerda AQShdagi eng yirik koronavirus o‘chog‘i joylashgan. 

Foto: Getty Images

Ushbu hudud aholisiga yordam berish uchun AQSh milliy gvardiyasi harbiylari yuboriladi. Ular xususan, maktablarni tozalash va karantindagi odamlarga oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

Nyu-Roshell shahri meri Noam Bremson milliy gvardiya aholiga yordam berishini, harbiy yoki politsiya vazifalarini bajarmasligini bildirdi.

"Bu yer yopib qo‘yilgan yoki karantin hududi emas, kirish hech kimga taqiqlanmagan", - dedi u.

Nyu-York shtatida ayni vaqtga kelib koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 173 ta holat qayd etilgan va bu mamlakatdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ulardan 108 tasi Nyu-Roshell shahri joylashgan Uestchester grafligida aniqlangan.

Graflik aholisi bir milliondan kamroq, shahar aholisi esa 77 ming nafar. Shahardan 40 km uzoqlikda joylashgan ko‘pmillionlik Nyu-Yorkda atigi 36 ta holat qayd etilgan.

Gubernator shaharga kirish cheklanmasligini, ammo maktablar, jamoat joylari va yirik korxonalar ikki haftaga yopilishini aytdi.  

"Bu juda jiddiy chora, ammo shahar mamlakatdagi eng yirik o‘choq va bu tom ma'noda hayot-mamot masalasidir", - dedi Kuomo.

Mahalliy OAVning yozishicha, infeksiya tarqalish markazi mahalliy sinagoga bo‘lgan. Hozirda ushbu ibodatxonaga kelgan mingga yaqin kishi karantinga joylashtirilgan.

AQShda 10 mart holatiga 804 kishi koronavirus yuqtirganligi qayd etilgan, 28 kishi vafot etgan, ulardan 23 nafari Vashington shtatidan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top