14:47 / 12.03.2020
0
36161
Yana uchta davlat Rossiyaga qarshi «neft urushi» e'lon qilishni rejalashtirmoqda - OAV

Rossiya energetika vazirligi Moskva hech kim bilan neft bozorida narxlar urushini olib bormayotganligini bildirdi.

Foto: Haidar Mohammed Ali/AFP via Getty Images Markets

Saudiya Arabistoni ortidan Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPeK)ning yetakchi a'zolari Iroq va Kuvayt ham apreldan xaridorlarga neft uchun chegirma bermoqchi. BAA esa fevral sotuvlari uchun narxlarni pasaytirdi, deb yozmoqda Bloomberg.  

Iroq Basrah Light rusumidagi neftni  Osiyo bozoriga yetkazib berishda har bir barrel uchun 5 dollardan chegirma berishga tayyor, deb xabar beradi agentlik. Kuvayt nefti uchun chegirma bir barrelga 6 dollarni tashkil etadi. Eski muddat bilan narx belgilaydigan BAA fevral uchun neftning to‘rt xil navi narxini bir barreliga 1,63 dollardan arzonlashtirdi.

Agentlikning yozishicha, Kuvayt OSP neftiga Osiyodagi xaridorlar uchun bir barreliga 4,65 dollar chegirma joriy etdi. Shimoli-g‘arbiy Yevropaga eksport qilinadigan neft uchun rekord darajada past - 12,60 dollar narx belgilandi.   

Agentlik manbasining so‘zlariga ko‘ra, Iroqning SOMO davlat neft kompaniyasi aprelda qazib olish hajmini oshirmoqchi. U neft qazib olish sutkasiga 3,7 mln barrelgacha yetkazilishini aytgan. SOMO mart oyida sutkasiga 3,44 mln barrel neft sotgan.

Iroq neft vazirligi rasmiy vakili Osim Jihod «narxlar urushi ishlab chiqaruvchi mamlakatlar manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligi»ni bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bag‘dod barqarorlik va bozordagi muvozanatni tiklash bo‘yicha kelishuvga erishishga urinmoqda.

OPeKka a'zo davlatlar Rossiya va boshqa davlatlar bilan neft qazib olish hajmini qisqartirish borasida kelisha olmadi. Keyingi yillar davomida neft narxini ushlab turgan bitim bekor bo‘ldi.

10 mart kuni Saudi Aramco apreldan sutkasiga 12,3 mln barrelgacha neft qazib olishini ma'lum qildi. Bu OPeK va OPeK+ a'zolari o‘rtasida tuzilgan bitimda ko‘rsatilgan hajmga nisbatan 26 foizga ko‘pdir. Bitimga ko‘ra, Saudi Aramco 2020 yilning birinchi choragida sutkasiga 9,7 mln barrel neft qazib olish majburiyatini olgandi. Ushbu xabar ortidan London birjasida Brent rusumidagi neft narxi 4 foizga arzonlashdi.

Rossiya energetika vazirligi Moskva hech kim bilan neft bozorida narxlar urushini olib bormayotganligini bildirdi. Bu haqda vazirlik rasmiy vakili Pavel Sorokin Reuters agentligiga bergan intervyusida aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni «faqat barqaror bozor» tarafdori.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top