22:10 / 13.03.2020
4931
AOKA blogerlar va OAVni tasdiqlanmagan xabarlar tarqatmaslikka chaqirdi

AOKA direktori OAV va blogerlar ham xuddi davlat organlaridan talab etilgani kabi sohaga oid amaldagi qonunchilik me'yorlariga rioya etishi shart ekanligini unutmasligi kerakligini ta'kidladi.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Dilshod Saidjonov OAV va blogerlarni tasdiqlanmagan va ishonchli manbaga ega bo‘lmagan xabarlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

«Bugun ijtimoiy tarmoqlarda va bir qator blogerlar tomonidan tasdiqlanmagan hamda ishonchli manbaga ega bo‘lmagan ma'lumotlar tarqatildi.

Shuni unutmaslik kerakki, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma'lumotlar, materiallar, feyk xabarlar va umuman, ishonchsiz axborotni har qanday shaklda tarqatish amaldagi qonunchilikka muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. 

Qonunchilikda axborot sohasidagi huquq hamda mas'uliyat aniq belgilangan va buni, ayniqsa, faol va katta auditoriyaga, jamiyatda o‘z mehnati tufayli ta'sir kuchiga ega blogerlar, ijtimoiy tarmoqlardagi guruh va kanallar ma'murlari yaxshi his etishlari lozim, deb o‘ylayman. Chunki jamiyatda ular tarqatayotgan har qanday axborotni haqiqat sifatida qabul qiladiganlar ko‘p.

OAV va blogerlar ham xuddi davlat organlaridan talab etilgani kabi sohaga oid amaldagi qonunchilik me'yorlariga rioya etishlari shart ekanligini unutmasligi kerak.

Alohida ta'kidlashni istar edikki, AOKA barcha OAV va blogerlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda va bundan keyin ham ularning axborot olishlari uchun ko‘mak berishga tayyor», deydi Dilshod Saidjonov.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida koronavirus tarqalgani, xususan, ikki bemorning shahardagi 16-kasalxonaga yotqizilgani haqidagi audioxabarlar tarqaldi. Keyinroq Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur xabarlarni rad etdi va ushbu ma'lumot haqiqatga zid ekanligini ma'lum qildi.

Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasi kirib kelgani, Olmaliq shahrida ushbu virus sababli 17 kishi vafot etgani haqida audioxabar tarqaldi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur xabarga ham munosabat bildirdi va uning mutlaqo asossiz va yolg‘onligini ma'lum qildi. Vazirlik ayni paytga qadar O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq biron-bir holat aniqlanmaganini yana bir karra qayd etib o‘tgan.

Top