10:30 / 13.03.2020
12456
Jizzax shahar hokimligi qarori bilan buzilgan uylar uchun kompensatsiya nega to‘lab berilmayapti?

​​​​​​​Kun.uz tahririyatiga Jizzax shahridan yuborilgan tasvirlarda bir necha fuqaroning huquq-tartibot idoralari ko‘magida kuch bilan uy-joyidan majburan ko‘chirilishi, aniqrog‘i, uyining buzilishi aks etgan.

Boshqa bir videotasvirda esa fuqaro Farhod Boirovning uyi, u o‘zi uyda bo‘lmagan vaqtda buzilib, uning qurilish materiallaridan iborat mulki uy egasi ishtirokisiz sotib yuborilganini ko‘rish mumkin...

Masalani Jizzax shahriga borib o‘rganganimizda, fuqarolar shahar markazidagi bir nechta xonadon buzilishi bilan bog‘liq mazkur voqealar 2018 yil sodir bo‘lganini aytishdi. Hozirda buzilgan bu uy-joylar o‘rnida xususiy tadbirkor tomonidan qurilgan ko‘p qavatli uylar qad ko‘tarib turibdi.

Faoliyatimiz davomida tadbirkordan «snos» pulini ololmayotgan uy-joy egalarining manfaatini ko‘zlab, boshqa shaharlardagi mahalliy hokimlik fuqarolar nomidan sudga murojaat etish holatlariga ham guvoh bo‘lganmiz. Chunki qoida bo‘yicha tadbirkor fuqarolar bilan kelishib, ularning uy-joy va yerlarini sotib olib, so‘ngra qurilishga kirishishi kerak. Agar kelishuvning qaysidir qismi bajarilmay qolsa, aholi e'tirozlari asosida, ularning manfaatlarini ko‘zlab hokimlik sudga murojaat qiladi.

Murojaatlarda e'tiborni tortgan jihat shuki, Jizzaxda tadbirkor «dom» qurishi uchun bu yerlarni bo‘shatib berish bilan boshdan oxirigacha shahar hokimligi shug‘ullanganidan aholi norozi bo‘lmoqda. Ya'ni, fuqarolar bilan qayta-qayta sudlashib, ularni majburan ko‘chirishga erishgan qarshi tomon — Jizzax shahar hokimligi bo‘lgan!

«So‘nggi bir yilda davlat tomonidan «snos» masalasiga jiddiy e'tibor qaratilib, huquqlari buzilgan fuqarolar masalasi qayta ko‘rib chiqilayotgani bois, umid bilan sizlarga murojaat qilyapmiz.

Jizzax shahrining Navoiy ko‘chasidagi hovli-joylari tortib olingan bir necha xonadon haligacha uy-joysiz qolmoqda, axir. Albatta, biz ham qarab turolmas edik, qator idoralarga murojaat qildik, sudga berdik. Ammo hamon sarsonmiz.

To‘g‘ri, biz oddiy fuqarolarmiz, ammo shahar hokimligining uylarimizni o‘zi narxlatib, o‘zi istagan arzimagan pul bilan tortib olishga haqli emasligini yaxshi bilamiz, buni qolganlar ham bilishini istaymiz...» — deyishmoqda Navoiy ko‘chasidagi xususiy turar joylaridan ajralgan fuqarolar.

Ma'lum bo‘lishicha, Navoiy ko‘chasidagi uylar Jizzax shahar hokimining 2014 yil 20 fevraldagi qaroriga asosan shu ko‘chada ko‘p qavatli turar joy binolari qurilishi munosabati bilan buzilishga tushgan.

Tabiiyki, bu holda kompensatsiya masalasi o‘rtaga chiqadi. Ayrimlar hokimlik tarafidan taklif etilgan kompensatsiyaga rozi bo‘lib, uylarini tark etishgan. Yana ayrimlar bosh prokuratura va boshqa tashkilotlarga yozib, shahar hokimligi tomonidan taklif etilgan kompensatsiyaga qo‘shimcha mablag‘ undirib olishgan.

Yana ko‘plab fuqarolarni hokimlik taklif etgan kompensatsiya qoniqtirmagan. Ular shahar markazidagi o‘z uylarining kvadrat metriga mos ravishda shu yerda quriladigan yangi ko‘p qavatli binolardan uy so‘rashgan.

Biroq, hokimlik ularning talablarini inobatga olmasdan, masala oxirigacha yechilmasdan sudga berib, bu uylarni buzdirib tashlagan.

Xullas, bu yerda talab va shartlarni mulk egasi (fuqarolar) emas, uni oluvchi (hokimlik, quruvchi) qo‘yayotganini o‘z uyidan ayrilganlar haligacha hazm etolmayapti va buni zo‘ravonlik o‘laroq baholayapti. Bundan ham yomoni — o‘sha arzimas kompensatsiya pulini olgan fuqarolardan ayrimlar ham haligacha uy-joy qura olgan emas.

Fuqarolarning bir necha yildan buyon turli idoralarga murojaatlari ortidan Jizzax shahar hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh masalani o‘rganib, yig‘ilish bayoni tuzgan. Muammoga yechim topishi lozim bo‘lgan ushbu yig‘ilish bayoni aksincha, yana qator savollarni yuzaga keltirmoqda.

Bayonnomaning eng «qiziq» joyi shundaki, da'vogar sifatida aholini sudga berib uydan majburan ko‘chirishga erishgan hokimlik — endi fuqarolarning bu hududda uy-joy qurgan quruvchi bilan kelishishi lozimligini ta'kidlamoqda. Agar qurilish korxonasi bilan kelishuvga erishilmasa sudga murojaat etishi mumkinligi tavsiya etilmoqda.

Darvoqe, fuqarolarning uylari tortib olingan joyda qurilgan yangi uylar narxi bilan qiziqdik — kvadrat metri 4 million so‘mdan oshiq.

«Bu bizning tortib olingan uylar uchun tavsiya qilingan kompensatsiya pullaridan o‘nlab marta qimmat», deydi Farhod Boirov.

Bu qanday «biznes»ki, olib qo‘yishda taklif qilingan kompensatsiya kvadrat metrga bo‘lganda bir million so‘mga ham bormaydigan joyda endi sotilayotgan uylar narxi kv.m uchun 4,5 million so‘mgacha?!

Masalaga aniqlik kiritish uchun Jizzax shahar hokimligida bo‘lganimizda mutaxassislar bilan gaplasha olmadik. Hokimlik huquqshunosi bu masala bo‘yicha muammo bo‘lishi mumkin emasligi, chunki uy-joy egalari bilan tuzilgan kelishuv bayonnomasi borligini ma'lum qildi.

Fuqarolar esa o‘sha kelishuv bayonnomasi rostdan ham hokimlik tomonidan ko‘pgina idoralarga yuborilgani, ammo xonadon egalarining imzosi qalbakilashtirilganini ma'lum qilishmoqda.

Mazkur nizoga ham aniqlik kiritish uchun hokimlikdan o‘sha kelishuv bayonnomasidan nusxa so‘radik. Ammo uni yo ko‘rsatishni istashmadi yo topilmadi. Masalaga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan qurilish korxonalari vakillari esa biz bilan muloqotga rozilik bermadi. Xullas, savollar ochiqligicha qolmoqda...

Jizzax shahar hokimligi

Mazkur maqolani tayyorlar ekanmiz, aynan kompensatsiya masalasida Jizzax shahridan yana qator murojaatlar kela boshladi.

Jumladan, shaharning «Ulug‘bek» mahallasidan yana 14 nafar fuqaro arzimagan narxlar bilan baholanib, uylari buzdirib tashlanganidan shikoyat qilmoqda.

Mavjud tartib-taomilga ko‘ra, bunday ishlar qanday amalga oshirilishi kerak?

Birinchidan, uyi buziladigan fuqarolarga to‘liq kompensatsiya berilib, aytaylik, Jizzaxdagi ayni holatda o‘sha uylar o‘rniga quriladigan yangi ko‘p qavatli uylardan bo‘lsa ham yangi uy ajratilishi, yoxud shunga teng bo‘lgan kompensatsiya to‘lanishi kafolatlanib, keyin uylar buzilishi kerak edi.

Ikkinchidan, buzilgan uylardan qolgan yer maydonlari quruvchi-developerlarga «mana shuncha uyi buzilgan odamni uy bilan ta'minlaysan», degan shart bilan berilishi kerak edi.

Biroq shahar hokimligi tomonidan ishlar risoladagidek amalga oshirilmagan. Aniq ayta olmaymiz, lekin taxminimizcha yerlar albatta developerga bir so‘m to‘lovsiz bepul berilgan bo‘lib chiqsa kerak (Aslida, viloyat markazi bo‘lgan shaharlarda tekin yer bormikan?).

Arzimas kompensatsiya puli bilan aldangan fuqarolar esa «otangga bor, onangga bor» holiga solinmoqda.

Hozir quruvchi hech qanaqa shartlarsiz ilgari insonlar yashagan yerlarni qo‘lga kiritgan va bu insonlarning bugungi dardi-dunyosi aslo ularni tashvishlantirmaydi. Chunki u yerni fuqarolardan emas, hokimlikdan olgan bo‘lib turibdi.

Mavzuni davom ettirgan holda, tez orada Jizzax shahrida uyi buzilib kompensatsiya ololmayotgan boshqa fuqarolar bilan ham uchrashib, muammoni chuqurroq o‘rganishga harakat qilib ko‘ramiz.

Anvar MUSTAFOQULOV, Kun.uz muxbiri.

Fotomuxbir: Faxriddin HOTAMOV.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top