10:11 / 15.03.2020
117544
UzAuto Motors’ning tuzatib bo‘lmas nuqsoni bor mashinasini olgan fuqaro: «Yangi Cobalt oldim, desam boshimga g‘alva sotib olgan ekanman»

Andijonlik fuqaro avtosalondan yangi Cobalt avtomashinasini sotib olgan. Biroq ushbu mashinaning bo‘yoqlari to‘kilib tushmoqda. Avtosalon esa uni boshqasiga almashtirib berishga rozi bo‘lmagan. Bundan ham yomoni mashinadagi nuqson faqat bo‘yog‘ida emas...

Mamlakatdagi monopol avtoishlabchiqaruvi UzAuto Motors AJning o‘zi ishlab chiqarayotgan ayrim turdagi avtomobillar narxini oshirishi ortidan jamoatchilikning keskin noroziligi avj olib turgan bir paytda tahririyatga aynan ushbu zavod mahsuloti hisoblangan Cobalt mashinasini sotib olib, baraka topmagan fuqaroning murojaati kelib tushdi.

Andijonlik Ismoiljon Vahobov 2019 yilning aprel oyida «Asaka-Avtosavdo» MChJdan yaxshi niyatlar bilan 84 million so‘m to‘lov qilib Cobalt avtomobilini sotib oladi.

Nihoyat yangi avtomobilga erishganidan baxtiyor Ismoiljon «oq tulpor»ni o‘n kuncha maza qilib minib yuradi. Biroq, uning bu xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmaydi. U sotib olinganiga ikki hafta bo‘lmagan avtomobilning oldi kapotidagi buyog‘i ko‘chayotganini sezib qoladi.

«Kapotdagi «kraska» ko‘chishni boshlaganidan so‘ng, mashinani avtosalonga olib borib, «Menga boshqa avtomobil beringlar, buning buyog‘i ko‘chib ketyapti» dedim. Ular maslahat qilishib, kapotni almashtirib berishdi. Qarangki, bir oy o‘tib-o‘tmasdan yangi mashinaning kapoti almashdi. Ozgina vaqt o‘tib, Cobalt’ning o‘ng va chap qanotlari hamda tom qismida ham buyoqlar ko‘chishni boshladi.

Bu muammodan boshim qotib yana «Asaka-Avtosavdo» saloniga bordim, ular mutaxassislarni chaqirtirishdi. Mutaxassislar ekspertiza o‘tkazishib, mashinaning oldi o‘ng va chap qanotlari hamda tom qismida bo‘yoq ko‘chayotganini aniqlashdi. Kafolat muhandisi boshchiligidagi mutaxassislar dalolatnoma tuzishib avtomobilimda bo‘yoq ko‘chish nuqsoni yuz bergani tasdiqlandi.

Shundan so‘ng avtosalon ikkita qanot va tom qismini almashtirib berishni taklif qildi. Men rozi bo‘lmadim. «Kuzovni to‘laligicha almashtirib beringlar», dedim. Chunki mutaxassislar kuzovning boshqa qismlarida ham buyoq ko‘chmasligiga kafolat bera olishmagandi. O‘zingiz bilasiz, mashina bo‘yalsa narxi tushib ketadi.

Keyin, kuzovini butunlay almashtirish borasida «Avtotexxizmat»dagi mutaxassislar bilan maslahatlashdim. Ular kuzovni to‘la almashtirish samara bermasligi, kuzov almashtirilsa mashinaning qismlari bo‘shab, turli tovushlar chiqaradigan bo‘lib qolishini aytishdi.

Avtosalondagilar esa e'tirozlarimga javoban «Mashinani sotib ustiga pul qo‘shsangiz, 10 kunda zavoddan yangisini chiqarib beramiz», deyishdi. Qiziq, bu ishni o‘zim ham qila olaman-ku? Ko‘rinib turibdiki, mashina zavoddan «brak» chiqqan, bu holatda hech qanday to‘lovsiz yangisiga almashtirib berishlari kerak emasmi? Men qimmat narxga bo‘lsada avtomobil sotib oldim, deb o‘ylagandim, endi bilsam o‘zimga g‘alva sotib olgan ekanman. Hech kim meni eshitmayapti», deydi Ismoiljon Vahobov.

Shundan so‘ng nuqsonli Cobalt’ning egasi bilan avtomobilning  haqiqatda nuqsonli ekanligini tekshirish maqsadida «kichik tajriba» o‘tkazdik. U avtomobilning o‘ng qanoti chekkasiga skotch lentasi yopishtirib, so‘ng uni ajratdi. Darhaqiqat, qanotning sirtidagi buyoq skotch lentasiga bilan birga ko‘chib chiqmoqda.

«Avtomobilimning nafaqat bo‘yog‘ida balki, gidravlik nasosi va rul kolonkasida ham nuqsonlari bor, ya'ni yangi mingan kunimdayoq tovush chiqara boshlagan. Bu bo‘yicha ham murojaat qilganman. Bu kamchiliklarni ham avtosalondagilar Toshkentga borib, haqiqatda «defekt» borligini tasdiqlatib kelganimdan so‘ng tan olishgan.

Yangi mashina olib minsam, bir-ikki yil ustaxonaga kirmayman, deb niyat qilgandim. Afsuski, shu mashinani olganimdan buyon kunim ustaxonalarda o‘tmoqda», deydi fuqaro.

Garchi, shu kabi holatlarda taraflar qanday yo‘l tutishi lozimligi shartnomada aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa-da, fuqaroning talabi jiddiy: avtomashina yangisiga almashtirib berilishi shart! Chunki yuqorida ham aytilganidek, mashinaga boshqa bo‘yoq sepilsa yoki kuzovi almashsa uning narxi keskin tushib ketadi.

Binobarin, Fuqarolik kodeksining 1017-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, tovarning konstruktiv yoki boshqa nuqsonlari oqibatida fuqaroning mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi yoki tayyorlovchi tomonidan, ularning aybidan va jabrlanuvchi ular bilan shartnoma munosabatlarida bo‘lgani yoki bo‘lmaganidan qat'i nazar, qoplanishi lozim.

O‘ylaymizki, UzAuto Motors AJ vakillari andijonlik bu yigitning muammosi ustida jiddiy bosh qotirib ko‘rishadi.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov
Montaj ustasi - Nuriddin Nursaidov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top