11:00 / 19.03.2020
57591
Koronavirus O‘zbekistonga kirib kelgani Surxondaryo ko‘chalari va bozorlarida nimalarda ayon bo‘lmoqda - video

Karantinning ilk kuni Termiz shahridagi aksariyat dorixonalarda tibbiyot niqobi qolmadi. Ayrim dorixonalarda har daqiqa o‘nlab mijoz faqat niqob so‘rab kelishi kuzatildi. Yana ko‘plab odamlar tibbiyot qo‘lqopi, antiseptik vositalar va spirt uchun kirishdi. Ikkinchi kunga kelibgina dorixonaga kiruvchilar soni o‘z-o‘zidan pasaydi.

So‘nggi 24 soat ichida respublikaning turli viloyatlaridan tahririyatga ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, transport xizmati narxlari oshib ketganidan shikoyatlar kela boshladi. Ayrim do‘konlarda narxlar ko‘tarilishi sababi barchaga ma'lum — karantin choralari e'lon qilinganidan so‘ng bir qator hududlarda ayrim kishilar oziq-ovqat zaxirasini g‘amlashga kirishishi ortidan narxlar ham ko‘tarildi.

Lekin Termiz shahrida niqob va tibbiyot vositalariga talab oshgani holda odamlarning oziq-ovqat zaxira qilish sarosimasi kuzatilmadi.

Shahardagi asosiy dehqon bozori — «Yashil dunyo»da bo‘lib aholi va sotuvchilar fikri bilan qiziqqanimizda narxlar oldingi holatida turgani ma'lum bo‘ldi.

Shuningdek, Termizdagi eng yirik supermarketlardan biri «Indemin» supermarketi boshqaruvchisi Bahrom To‘rayevning aytishicha, so‘nggi bir kunda guruch, shakar, kartoshka kabi mahsulotlarga talab sezilarli darajada oshgan.

Ayni kunlarda Termizdagi bozor va do‘konlarda kartoshka 3500-3700 so‘m, guruch 4500-7000 so‘m, qolipli non, 1500 so‘m, sabzi 1000 so‘m (to‘g‘ralgani 2000), shakar 4000-5000 so‘mdan sotilmoqda. Zaxira uchun «ur-yiqit» yo‘q.

Ammo transport xizmati haqda bunday deb bo‘lmaydi.

Surxondaryoda oliygohda ta'lim olayotgan talabalardan biri tahririyatga murojaat qildi. Toshkentdan turli shaharlarga, uylariga ketayotgan talabalar uchun e'lon qilingan 50 foizlik chegirma viloyatlardan Toshkentga keladigan talabalar uchun qo‘llanmayotgan ekan. Ayni paytda Termiz – Toshkent yo‘nalishidagi avtobusga chipta narxi 78 ming so‘m bo‘lib, bu ayrim talabalarga og‘irlik qiladi.

Termiz avtoshohbekati xodimlari ham bu holatni tasdiqlashdi. Surxondaryo viloyat transport boshqarmasi va Termiz shahar hokimligi vakillarining faqat og‘zaki ko‘rsatmasi bilan talabalarga 50 foiz chegirma qo‘llanadigan bo‘ldi.

Termizda jamoat transportlari narxi o‘zgarmagan, ammo shaharlararo qatnovchi yo‘nalishli taksilar narxi keskin ko‘tarilib ketgan.

Yo‘lovchilar ana shu holatdan ko‘proq norozi bo‘lib haydovchilarni insofga chaqirmoqda. Ammo aftidan insof har kim uchun har xil tushuncha. Nima bo‘lganda ham bu holatni vaqtincha deb umid qilamiz.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top