15:00 / 19.03.2020
4715
Sergeli elektr ta'minoti korxonasining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Poytaxtimizning Sergeli tumanida elektr ta'minoti korxonasining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

«Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati tomonidan shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimligi mas'ullari, «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, tuman mutasaddi korxona va tashkilotlar vakillari, ishchi-xodimlar hamda mahalliy aholi ishtirok etdi.

Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish, bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari Sergeli tumanida ham yangilanishlar, o‘zgarishlarga asos yaratib bermoqda. Hududda ko‘plab yirik ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 22 noyabr 2016 yildagi PQ-2660-sonli qarori ijrosi doirasida Toshkent shahrining Sergeli tumanida bunyod etilgan 4 ming 88 kvartirali 151 ko‘p qavatli arzon va shinam uy-joylarni elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida 117 km uzunlikda elektr tarmog‘i va 36 ta transformator punkti yangidan qurildi. Shu bilan birga, Toshkent metropolitenining Sergeli metro yo‘nalishida qurilish ishlari loyihasi doirasida uzunligi 6,94 km bo‘lgan metropoliten liniyasi va 6 ta bekat qurilishi belgilangan. Qayd etish joizki, 110/10 kVli yangi barpo etilgan «Istiqbol» nimstansiyasi Toshkent yerusti metrosining Sergeli yo‘nalishini ham elektr energiyasi bilan ta'minlaydi.

Sergeli tumani elektr taminoti korxonasining yangi binosi foydalanishga topshirilishi ham tizimda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganidan dalolat bermoqda. Yangi majmuada yaratilgan sharoit, mavjud texnik va texnologik uskunalar imkoniyati, qolaversa muhandis-texnik va ishchi-xodimlar, korxona mutaxassislarini o‘qitish, operativ-dispetcherlik xizmati tomonidan amalga oshiriladigan energiya ta'minotining avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi, ma'naviyat va ma'rifat kabi xonalar ish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, istemolchilar qulayligi uchun ularni qabul qilish xonasi, kassa xizmatlari va boshqa xizmat turlar mavjud.

Ayni paytda Sergeli tuman elektr ta'minoti korxonasi tomonidan 816,93 km 0,4-6-10 kVli havo tarmoqlari va 349 ta 6-10/0,4 kVA transformator punkti orqali 1838 ta ulgurji hamda 66999 aholi, jami 68837 iste'molchiga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, foydalanishga topshirilgan bino tuman aholisini sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlashga xizmat qilib, bu boradagi sa'y-harakatlar davom ettiriladi.

«Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJ matbuot xizmati

Top