13:58 / 20.03.2020
7030
O‘zbekistonda umr davomiyligi 74,6 yosh deb qayd etildi – Alisher Shodmonov

2000-yillarning boshida bu ko‘rsatkich 72 yoshni tashkil etgan

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Xalqaro press klubning “Qadamma-qadam” loyihasida o‘zbekistonliklarning o‘rtacha umr davomiyligiga oid statistik ma'lumotlarni keltirdi.

“1991 yilda [o‘zbekistonlikning o‘rtacha umr davomiyligi] 67 yosh edi, 2000-yillarning boshida 72, keyin esa 73 yoshga chiqdik. O‘rtacha umr davomiyligining uzayishi uchun sog‘lom ovqatlanish, toza ichimlik suvi, yashash sharoiti, sog‘liqqa e'tibor katta ahamiyatga ega bo‘ladi. O‘zbekistonda birinchi marta o‘tgan yili o‘rtacha umr davomiyligi 74,6 yosh deb qayd etildi. Demak, ijobiy o‘zgarish bor”.

Alisher Shodmonovning ta'kidicha, sog‘lom turmush tarzini olib borishda piyoda yurishning ahamiyati katta. Sog‘lom bo‘lish uchun har kuni o‘rtacha 5 km, ya'ni 7-8 ming qadam yurish kerak. Piyoda yurishni kuniga 100 ta qadamdan boshlash va muntazam ravishda qadamlar miqdorini oshirib borish kerak.

“Yoshi kattalar, nuroniylarga yuguring deb ayta olamizmi? Yo‘q. Chunki ularning sog‘lig‘iga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Yoki bobomizni qo‘rqmasdan velosipedga o‘tkazib, ko‘chaga chiqarib yubora olamizmi? Lekin yurishni hammaga tavsiya eta olamiz. Homiladorga ham, kasalligi bo‘lgan odamga ham. Chunki infarkt, insultdan keyingi reabilitatsiyada ham yurish tavsiya etiladi. Yurish hisobiga [bemorni] sog‘lomlashtirib, uni yaxshi holatga keltirib qo‘yadi”, - dedi Shodmonov. 

Top