21:46 / 23.03.2020
132951
Toshkent karantinga yopilmoqda. Batafsil ma'lumot berildi

24 mart kunidan boshlab, Toshkent shahriga har qanday transport vositasida kirish va chiqish to‘xtatiladi.

Bu haqda Respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilindi, deb ma'lum qildi IIV matbuot xizmati boshlig‘i Sh.G‘iyosov.

Unga ko‘ra:

  • Toshkent shahriga yuk tashish maqsadida kirish va chiqishga cheklov bo‘lmaydi; 
  • Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar hamda chet el fuqarolari o‘zlarining shaxsiy transport vositalarida Toshkent shahriga kirishlari mumkin. Biroq Toshkent shahridan chiqish uchun cheklov o‘rnatiladi;
  • piyodalar uchun Toshkent shahriga kirish va chiqishga to‘siq qo‘yilmaydi.

«Mazkur cheklov choralari yuzasidan maxsus komissiya tomonidan mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlarga ishchi va xodimlarini masofadan ishlash tizimiga o‘tkazishi, mehnat ta'tilini berishi yoki xodimning ish vaqtini qisqartirilgan sharoitga (masalan, kuniga 4 soatlik ish rejimi) o‘tkazishi yoxud ish haqi saqlanmagan holda o‘z hisobidan ta'til berishi tavsiya etilgan», – deyiladi IIV xabarida.

Ayni paytda, «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» Hukumat qarori ham e'lon qilindi.

Unga asosan, boshqa hududlardan Toshkent shahriga kirish (avtobus, mikroavtobus, yengil avtotransport, aviaqatnovlar va temir yo‘l orqali) 24 martdan boshlab to‘xtatiladi. Quyidagi hollar bundan mustasno:

  • Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar;
  • Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan holda Toshkent shahrida mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari xodimlari (nodavlat tashkilotlarda – ish beruvchi tomonidan taqdim etiladigan tegishli ruxsatnoma asosida);
  • yuk tashish bilan bog‘liq hollarda Toshkent shahriga kirish va chiqishga ruxsat beriladi.

Toshkent shahriga kiruvchi va chiquvchi shaxslarda koronavirus infeksiyasi alomatlarini aniqlash bo‘yicha majburiy tibbiy nazorat o‘rnatiladi.

Toshkent shahar hokimligi shaharda faoliyat yuritayotgan (mulkchilik shaklidan qat'iy nazar) korxona va tashkilotlarga murojaat bilan chiqdi.

Toshkent viloyatida istiqomat qilib, Toshkent shahrida mehnat qilayotgan fuqarolarning korxona va tashkilotlariga kelishi va ketishi bo‘yicha barcha ishlar 24 martdan boshlab «Toshshahartransxizmat» AJ tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

  • «Toshshahartransxizmat» AJ tomonidan taqdim etilayotgan avtobuslarning har biri maxsus taniqlilik belgisi (emblema), yo‘lovchining tana haroratini o‘lchash uchun teplovizor bilan jihozlanadi.
  • Shuningdek, har bir avtobus har kuni dezinfeksiya qilinishi to‘liq ta'minlanadi.
  • Har bir yo‘lovchining tana harorati avtobusga kirishdan kamida 5 metr masofada o‘lchanadi va harorati yuqori bo‘lgan yo‘lovchi avtobusga chiqarilmaydi.

Barcha masalalar bo‘yicha «Toshshahartransxizmat» AJga 712441863 va 712335147 telefon raqamlari orqali murojaat etish mumkin.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top