10:49 / 27.03.2020
26455
Toshkentda tashkil etilgan karantin postida haydovchi mashinasini inspektorning ustiga haydab, uni turtib yubordi

Haydovchiga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasiga binoan tegishli tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirildi

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Dunyoni tashvishga solayotgan, odamlarni bir biriga nisbatan mehrli bo‘lishga undayotgan hozirgi vaziyat ba'zi bir odamlarga chivin chaqqanchalik ham ta'sir ko‘rsatmayotganligi, ularni kibrdan, manmanlikdan qaytarmayotgani g‘oyatda achinarli, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, kasallik sabab ko‘p joylarda karantin maskanlari tashkil etildi. Kun-u tun faoliyat olib borayotgan bu maskanlarda xodimlar o‘z vazifalarini bajarib, karantin bo‘yicha hukumat qarori ijrosini ta'minlamoqda. Ammo, qonun va qoidalarga nisbatan beparvo bo‘lgan ayrim haydovchilar YPX inspektorlarini faoliyatiga qarshilik ko‘rsatib, o‘zlarini salbiy tomondan ko‘rsatishmoqda.
              
Haydovchi, 1995 yilda tug‘ilgan, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi B.M. o‘zining “Matiz" rusumli transport vositasida “Toshkent-Chirchiq-Chimyon” avtomobil yo‘lining 1-kilometrida tashkil etilgan maskanda ko‘pchilik qatori, navbati bilan o‘tish o‘rniga, yo‘lning qarama qarshi tomoniga chiqib, orqaga harakatlanib kela boshlagan. 

YPX inspektori bu holatni bartaraf etish maqsadida hushtak chalib, jyezl bilan ishora berib, uni tartibga chaqirishga va to‘xtatishga harakat qilgan. Lekin haydovchi to‘xtash o‘rniga mashinasini inspektorning ustiga haydab, YPX inspektorini turtib yuborgan. 

Ko‘rilgan chora tadbirlar natijasida “Matiz” haydovchisi to‘xtatildi. YPX inspektoriga hech qanday shikast yetmadi. 

Haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasiga binoan tegishli tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirildi.
                
“Hurmatli harakat ishtirokchilari!  O‘tkazilayotgan bu tadbirlar vaqtinchalik ekanligini, u kasallikka qarshi kurash doirasida amalga oshirilayotganligini unutmang. YPX xodimi sizga to‘xtash haqida ishora berdimi, uni so‘zsiz bajaring. Chunki, maskanlar o‘z o‘zidan tashkil etilgani yo‘q. U ko‘pchilik manfaatini ko‘zlab, siz-u bizning xavfsizligimiz uchun tashkil etilgan. Bu ko‘pga kelgan sinov. Sinovdan qanday o‘tish esa har birimizga, bizning odobimizga, madaniyatimizga va xatti-harakatimizga bog‘liq”, - deyiladi ma'lumotda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top