19:17 / 28.03.2020
18843
Samarqandda aholi orasida vahima tarqatmoqchi bo‘lgan shaxsga 30 sutka qamoq jazosi tayinlandi

Xalqimiz koronavirus infeksiyasiga qarshi bir tanu bir jon bo‘lib kurashayotgan bir paytda ayrim yurtdoshlarimizning Internet orqali fuqarolar orasida tahlika, sarosima uyg‘otuvchi yolg‘on xabarlarni tarqatish bilan shug‘ullanayotgani achinarli.

Samarqand viloyati DXX va IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida ana shunday fuqarolardan biri aniqlandi, deb xabar bermoqda viloyat IIB axborot xizmati.

Ma'lum bo‘lishicha, Paxtachi tumanida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan A.Shomurodov 25 mart kuni soat taxminan 16:00larda, marhum mahalladoshi ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste'mol qilganligi oqibatida vafot etganligini eshitib, soat 19:33 da Telegram messenjeridagi bir nechta kanallarga o‘zining «AKBAR ShOMURADOV» nomli niki orqali «Paxtachi tumani «Toma» mahallasida yashovchi O. ismli shaxs koronavirusga chalinib, ko‘p miqdorda aroq ichib bugun vafot etganligi aytilmoqda», nomli yolg‘on ma'lumotni yozib yuborganligi aniqlandi.

Paxtachi tuman Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudi tomonidan unga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 205-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir qilganligi uchun 30 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Samarqand viloyati IIB eslatadi:  O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ–613-sonli Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 244-5-modda bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra, karantin davrida inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlarni tarqatish BHMning 200 baravarigacha (44 mln 600 ming so‘m) jarima jazosiga tortishga, 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari va 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolashga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, ushbu harakatlarni sodir etgan shaxs 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 3 yilgacha ozodlikni cheklash va 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top