18:20 / 08.04.2020
173131
Samarqandda katta korxona boshqaruvchisi koronavirus yuqtirgan. Prezident kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hududiy rahbarlarni jiddiy ogohlantirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida Andijon va Buxoro viloyatlarida koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha olib borilgan ishlardagi kamchiliklarni tanqid qildi.

Prezident Samarqandda bir kishining xatosi sababli 200 ga yaqin fuqaro karantinga olinganini tanqid qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Prezident kun tartibidagi asosiy masalaga o‘tishdan oldin joylarda koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Xususan, so‘nggi kunlarda kasallikka chalinganlarning soni ortganiga e'tibor qaratib, nafaqat joylardagi rahbarlar, balki fuqarolarni ham yanada e'tiborli bo‘lishga chaqirdi.

Yig‘ilishda pandemiya sharoitida so‘nggi bir oy ichida xorijiy davlatlardan 20ta charter reys orqali 6 ming, temir yo‘l va chegara postlari orqali 10 ming nafar fuqaro olib kelingani, ularning barchasi 160ta manzilga joylashtirilib, karantinga olingani ta'kidlandi.

Tajribali shifokor professorlardan iborat maxsus shtab tuzilib, har bir bemorni davolashda 24 soatlik onlayn maslahat berish yo‘lga qo‘yilgan. Xitoy va Janubiy Koreyadan virusologlar taklif qilingan, Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlar mutaxassislari bilan ham doimiy telemeditsina aloqalari o‘rnatilgan.

«Biz bugun koronavirusga chalingan bemorlarimizning har biri uchun ikki-uch nafardan tajribali mutaxassislarni jalb qildik. Janubiy Koreya, Rossiya, Germaniya va Turkiyadagi malakali shifokorlarning onlayn maslahat va tavsiyalari olinyapti. Umuman, bu boradagi barcha harakatlarning ijobiy natijasini ko‘ryapmiz, albatta.

Afsuski, shuncha ogohlantirishlarga qaramasdan, Chirchiq tumanida qirq yoshli yigit xastalikni yuqtirib olib, uyida davolanmoqchi bo‘lgan. O‘sha yigitning sog‘ayib ketishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rishlarini shaxsan qayta-qayta iltimos qildim. Afsuski, kasallikni ancha o‘tkazib yuborgan ekan, hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Oila a'zolariga ham kasallik yuqtirgan. Hozir hammalari nazoratga olindi. Marhumning oila a'zolariga, yaqinlariga hamdardlik bildiraman», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Marhumning oila a'zolariga hamdardlik bildirar ekan, davlat rahbari yana bir bor barchani ogohlikka chaqirdi.

«Kasallik alomatini sezdingizmi, darhol shifokorlarga murojaat qiling. Takror aytaman, kasallik oilamizga kirib kelmasligi, o‘zimiz va yaqinlarimizni ushbu illatdan saqlab qolish, eng avvalo, o‘zimizga bog‘liq!», deydi prezident.

Yig‘ilishda Samarqand viloyatida ham katta bir korxona boshqaruvchisi koronavirus yuqtirib olgani haqida ma'lum qilindi. Natijada, u bilan muloqotda bo‘lgan ikki yuzga yaqin fuqaro ayni vaqtda karantinga olingan.

Davlat rahbari ushbu misollarni keltira turib, joylarda haqiqiy vaziyatni nafaqat fuqarolar, balki rahbarlar ham to‘g‘ri anglab yetmayotganini aytib o‘tdi.

Xususan, Andijon va Buxoro viloyatlarida karantinga olinganlarni saqlashga noprofessonallarcha yondashilgani tanqid qilindi. Ayni vaqtda ushbu kamchiliklar bartaraf etilgan bo‘lib, har uch nafar fuqaro alohida xonalarga joylashtirilgan. Bir martalik idishlardan foydalanish ta'minlangan.

Prezident karantinda bo‘lish qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga jiddiy ogohlantirish bergan.

«Butun dunyoning boshiga tushgan bu murakkab sinovdan biz, Xudo xohlasa, yanada kuchli bo‘lib, bir-birimizga mehrimiz yanada ziyoda bo‘lib, albatta yorug‘ yuz bilan o‘tib olamiz. Faqat tartib-intizomga qat'iy rioya qilib, o‘rinsiz vahimaga tushmasak, tushkunlikka berilmasak, marra bizniki bo‘ladi.

Bu vaqtinchalik qiyinchilik va muammolar, albatta, o‘tib ketadi. Pok niyatli, din-u diyonatli, sabr-bardoshli, olijanob xalqimiz bilan hali ko‘p yaxshi kunlarni ko‘ramiz, ko‘p to‘y-tomosha va tantanalarni birgalikda nishonlaymiz, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga albatta yetamiz», degan Shavkat Mirziyoyev.

  • Samarqand viloyatida virusdan zararlanish bilan bog‘liq ilk holat 7 aprel kuni qayd etildi. Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, bemor 4 aprel kuni, tomoq og‘rishi va tana haroratining ko‘tarilishi bilan yashash hududidagi poliklinikaga murojaat qilgan. Vrach-infeksionist ko‘rigida bo‘lgan bemorning tana harorati ko‘tarilganligi uchun zudlik bilan izolyatorga olinib, undan olingan surtmalar viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi virusologiya laboratoriyasiga yuborilgan.
  • Andijon viloyatida 27 mart kuni bir oila a'zolari bo‘lgan uch kishida koronavirus aniqlangandi. 8 aprel holatiga ko‘ra, viloyatdagi bemorlar soni 77 nafarga yetgan.
  • Buxoro viloyatida esa bemorlar soni 7 aprel kuni 84 nafarga yetdi. Bu viloyatdagi holatlar xorijdan - Janubiy Koreya va Rossiyadan olib kelinib karantinga joylashtirilgan fuqarolar orasida qayd etilgan. 25 mart kuni Rossiyadan olib kelingan 226 kishi orasidan 4 kishining tana harorati yuqori ekani aniqlanib, ular viloyatdagi Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgandi. 
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top