22:56 / 10.04.2020
18586
Tojikiston xorijliklar uchun chegaralarini vaqtincha yopdi

Tojikistonda koronavirus kirib kelishi oldini olish maqsadida xorijliklarning mamlakatga kirishi va undan chiqishiga vaqtincha taqiq kiritildi.

Bu haqda Tojikiston tashqi ishlar vazirligi ma'lum qildi.

“Koronavirusning kirishi va tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha favqulodda choralarni amalga oshirish maqsadida Tojikiston davlat chegarasidagi barcha o‘tkazish punktlari orqali xorijiy davlatlarning barcha fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning kirishi va chiqishiga vaqtinchalik cheklovlar kiritildi”, deyilgan xabarda.

Ushbu taqiqlov xorijiy davlatlar diplomatlari, respublikada akkreditatsiya qilingan xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar vakillari, xalqaro yuk tashishlarni amalga oshiruvchi haydovchilar, samolyot ekipajlari va xalqaro temir yo‘l aloqasi brigadalariga qo‘llanmaydi.

Tojikiston tashqi ishlar vazirligida ta'kidlanishicha, taqiq ostiga tushgan xorijliklarning Tojikistondan chiqishi zarurati paydo bo‘lganda hokimiyat xorijiy davlatlarning rasmiy, jumladan charter reyslar tashkillashtirish bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqishga tayyor.

Ayni vaqtda Tojikistonda koronavirusga chalinish holatlari qayd qilinmagan.

Top