16:30 / 12.04.2020
41275
Koronavirus oqibatida havo tozalanishi: bundan qanday xulosa chiqarish kerak?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, har yili 4,2 million nafar inson havo ifloslanishi ta'siridagi turli kasalliklardan vafot etadi. Shundan 1 milliondan ortig‘i birgina Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Zhang Peng

Bir qator olimlar so‘nggi vaqtlarda dunyoning aksar davlatlarida amal qilayotgan karantin rejimi – sanoat korxonalari faoliyatining to‘xtatilishi, transport harakatining cheklanishi ekologiya manfaati uchun xizmat qilish mumkin, degan qarashni ilgari surishmoqda. 

CNBC telekanali koronavirus pandemiyasining ekologiyaga ta'siri xususida iqlimshunos mutaxassislarning mulohazalarini taqdim etdi.

«Inson atrof-muhitga beparvolarcha munosabatini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi»

Stenford universiteti assistent-professori Marshall Burk, pandemiya insoniyatning tabiatga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish uchun saboq beradi, deb hisoblaydi.

– Kasallik, o‘limlar iqtisodiy beqarorlikni keltirib chiqaryapti, sog‘liqni saqlash sohasiga jiddiy ta'sir qilyapti. Ammo biz bu jarayonni boshqara olmaymiz. Pandemiya oqibatida iqtisodiy, ijtimoiy va tibbiy sohadagi xarajatlar borgan sari kattalashib boraveradi. Biz hozirgi vaziyat bizga qanday saboqlar berishini o‘ylashimiz kerak.

Marshall Burk, Stenford universiteti assistent-professori
Foto: stanford.edu

Karantin davrida inson faoliyatining aksariyat ko‘rinishlarida masofaviy ishlash tizimi joriy qilindi. Va bu yaxshi. Transportdan zaharli gazlarning ishlab chiqarish qisqardi. Tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, texnologiyalardan foydalanib ishni masofaviy rejimda tashkil etish faqatgina foydaga xizmat qiladi.

Zavod va fabrikalar faoliyatini, transport harakatini qat'iy nazoratga olish pandemiya bilan kurashda o‘zining ijobiy samarasini beryapti. Atmosfera havosini yaxshilash kabi dolzarb masalada ham shu kabi keskin choralarni ko‘rish orqali natijaga erishish mumkin.

O‘z sog‘ligining qadrini tushuna boshlagan inson atrof-muhitga bo‘lgan beparvolarcha munosabatini o‘zgartirishga, zararli odatlarni qisqartirishga majbur bo‘ladi.

«Ehtiyojlarni qisqartirib ham yashashda davom etish mumkin»

Ketrin Heyhou, Texas texnika universiteti iqlimshunos professori:

– Iqlimni yaxshilash muammosi yillar, o‘n yillardan beri bizni o‘ylantiradi. Pandemiya esa bu muammoni sanoqli kunlar ichida hal qilishi mumkin. U ko‘plab ehtiyojlarni qisqartirish orqali ham yashashda davom etish mumkinligini isbotladi.

Ammo pandemiya to‘xtagandan so‘ng sanoatdagi ishlab chiqarish ilgarigidan ham yuqoriroq darajaga chiqishi mukin. Chunki karantin davrida paydo bo‘lgan iqtisodiy bo‘shliqni to‘ldirishga harakat boshlanadi. Umid qilishimiz mumkin bo‘lgan yagona narsa – insonlarning ongli ravishda o‘z turmush tarzini o‘zgartirishidir.

Karantinda tabiat dam olmoqda

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartiga ko‘ra, atmosferada uchrovchi, inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan P.M 2,5 moddasining havodagi nisbati bir metr kub havoda 10 mikrogrammdan ortmasligi kerak.

Bu ko‘rsatkich Xitoyning ko‘plab shaharlarida bir metr kub havo uchun 100 mikrogrammni tashkil etadi. Shuning o‘zi ham xitoyliklarning hayoti qanday xavf ostida ekanligini ko‘rsatadi», deydi Marshall Burk.

Italiyaning Milan shahrida ham P.M 2,5 moddasining bir metr kub havodagi miqdori 100 mikrogrammdan ko‘proqni tashkil etadi. Afsuski, bunday tendensiyani dunyoning deyarli barcha yirik shaharlarida kuzatish mumkin. Italiyada havo ifloslanishidan bir yilda 60 ming kishi vafot etadi. AQShda esa bu ko‘rsatkich 200 mingta o‘limga teng.

Koronavirus epidemiyasi negizida Xitoyda fabrika va zavodlar faoliyati to‘xtadi. Transport harakati cheklandi. Va bu atmosferadagi zararli moddalarning 20 foizga kamayishiga olib keldi. Havo sifatining yaxshilanishi ta'sirida esa 5000 nafar xitoylikning hayoti saqlab qolindi. Vaholanki, bevosita koronavirus oqibatida esa Xitoyda 3300 nafar inson vafot etdi.

Bunday o‘zgarish Xitoy bilan bir qatorda Italiyada, AQShning Sietl, Los-Anjyeles va Nyu-York shaharlarida ham kuzatildi. Birgina Nyu-Yorkning o‘zida karbon gazlari 50 foizga kamaygani aniqlangan.

Xitoy, Italiya, AQShda atmosfera havosi karantin davrida tozalandi

Odamlar qatnovining cheklangani Venetsiya tabiatiga ham ijobiy ta'sir qildi. Shahar suv havzalarida suvning sifati sezilarli darajada yaxshilangan. Turizmni rivojlantirish fonida ifloslangan suv tozalanib, baliqlar va oqqushlar ham bu yerlarga qaytgani aytilmoqda.

Foto: CNN
Foto: CNN
Venetsiya havzalarida suvning sifati sezilarli yaxshilangani aytilmoqda

Albatta, atmosfera ifloslanishining kamayishi pandemiya hisobiga bo‘lishini hech kim kutmagan ham edi.

«Koronavirus sababli iqlim yaxshilanganidan quvonish u qadar to‘g‘ri emas»

Gernot Vayner, Nyu-York universiteti assoshayt-professori:

– Pandemiya iqlimni yaxshilab berishiga umid bog‘lash unchalik to‘g‘ri emas. Chunki pandemiya iqtisodiyotga mislsiz zarar yetkazyapti. Millionlab odamlar uyda, minglab odamlarning salomatligi xavf ostida. Atmosfera havosini yaxshilashga iqtisodiy talafotlar va inson kapitalini xavf ostiga qo‘ymasdan erishish kerak. Biz yashil texnologiyalarni yaratish qanchalik muhimligi haqida o‘ylaganimiz ma'qulroq.

«Insoniyat o‘z salomatligi haqida ko‘proq qayg‘ura boshlaydi»

Mey Bou, «350.org» xalqaro ekotashkiloti ijrochi direktori:

– Juda ko‘p joylarda, xususan, Xitoyda ham quyosh panellari ko‘mirga qaraganda ancha arzon va ommabop energiya vositasi hisoblanadi. Biz ommaviy ravishda quyosh panellaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish haqida jiddiy o‘ylashimiz kerak.

Pandemiyadan so‘ng o‘z salomatligi haqida boshqacha qayg‘ura boshlaydigan insoniyat yashil texnologiyalarni qo‘llashga, ularni narx jihatidan ham qulaylashtirishga harakat qila boshlaydi.

Gaz, benzin, ko‘mir sanoatidan voz kecha olmaymiz. Aks holda moliyaviy tanglik yuzaga keladi. Ammo iqlimga eng katta zararni yetkazuvchilar ham shular ekanini unutmaslik kerak. Shu bois biz muqobil yechim haqida o‘ylashimiz zarur.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top