15:04 / 15.04.2020
10026

Bu galgi global inqirozning asosiy yuki davlatlarning budjetiga tushmoqda – Timur Ishmetov

Koronavirus pandemiyasi tufayli kuzatilayotgan global inqiroz boshqa inqirozlardan katta farq qiladi. Uning eng katta yuki davlatlarning budjetiga tushmoqda, deydi Moliya vaziri Timur Ishmetov.

Onlayn brifing efiridan kadr

O‘zbekiston Moliya vaziri Timur Ishmetov bugun, 15 aprel kuni o‘tkazilgan onlayn brifingda joriy inqirozning o‘ziga xos jihatlari va uni yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida gapirib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Fuqarolarning ma'lum vaqt davomida izolyatsiyada yashab turishi – koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashning eng to‘g‘ri va samarali yo‘li hisoblanadi. Shuning natijasida barcha davlatlarda iqtisodiy faollik susaygani qayd etilmoqda. Ayniqsa, xizmat ko‘rsatish, xususiy sektorlarda bu yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda. Shu sababli dunyodagi barcha mamlakatlarning hukumatlari, xususan, O‘zbekiston hukumati ham yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozning odamlar hayotiga ta'sirini kamaytirish uchun qo‘ldan kelgan barcha choralarni ishga solmoqda.

Hozir butun dunyoda ro‘y berayotgan, shu jumladan, O‘zbekistonda ham kuzatilayotgan global inqiroz boshqa inqirozlardan katta farq qiladi. Bu inqirozning eng katta yuki davlatlarning budjetiga tushmoqda. Negaki iqtisodiy faollikning bu darajada pasayishida, dunyo bo‘yicha aksariyat mahsulotlar, xususan, neft, gaz va boshqalarning narxlari keskin tushib ketishi barcha davlatlarning, jumladan, O‘zbekistonning budjetiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Albatta, bu yerda ayrim tovarlar, masalan, oltin narxi oshganining biz uchun ijobiy tomoni ham bor.

Endi hozirgi sharoitda Moliya vazirligining asosiy vazifasi – avvalo, inqiroz davrida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash tadbirlarini o‘z vaqtida moliyalashtirishdan iborat. Biz uchun oson tomoni prezidentimiz farmonlariga asosan aynan shu maqsadda alohida Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilgani budjetning joriy xarajatlari qaysidir ma'noda tartibga solish imkonini bermoqda», dedi u.

Moliya vaziri vazirlik huzurida tashkil etilgan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari qaysi maqsadlarda sarflanayotgani haqida ham ma'lumot berdi. Uning aytishicha, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq  va Zangiota tumanlaridagi qurilishlarni moliyalashtirishga jamg‘armadan 400 mlrd so‘m ajratilgan.

«Ikkinchi asosiy vazifamiz – bu, albatta, mana shu Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining xarajatlarini samarali amalga oshirish. Qisqacha raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, dori-darmon, virusni aniqlovchi testlar, himoya vositalari, asbob-uskunalarni sotib olish uchun 127 mlrd so‘m ajratilgan.

2019 yilning oxirida va joriy yilning boshida koronavirusning tarqalishi global pandemiyaga aylanishini bilmagan bo‘lsak-da, kasallik Xitoyda keng sur'atlarda tarqala boshlagani, ushbu mamlakat bilan biznes aloqalarimiz kuchli bo‘lgani uchun infeksiya O‘zbekistonga ham Xitoy orqali kirib kelishi ehtimoli borligini inobatga olib, prezidentimizning topshirig‘iga asosan maxsus hukumat komissiyasi tuzilgan edi.

Komissiya mamlakatimizga koronavirus infeksiyasi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun choralarni ko‘rishi, mabodo kasallik kirib kelgan taqdirda, uning aholi o‘rtasida tarqalishining oldini olish bo‘yicha tegishli tadbirlarni amalga oshirishi belgilangan va buning uchun 2020 yilning I choragi davomida 100 mlrd so‘m xuddi shu maqsadda ishlatilgan edi. Bu paytda hali Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tuzilmagani uchun ushbu mablag‘ budjetdan ajratilgan.

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida 20 ming o‘rinli aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasi qurilmoqda. Shu bilan birga, Zangiota tumanida 10 ming o‘rinli maxsus shifoxona qurilmoqda. Mana shu qurilishlarni moliyalashtirishga jamg‘armadan bugungi kun holatiga 400 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan», deydi Timur Ishmetov.

Avvalroq Moliya vazirligi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi xarajatlarini ochiqlagan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top