02:03 / 19.04.2020
10047
Turkiya may oyi oxirida sayyohlik mavsumini boshlamoqchi

Turkiya may oyi oxirida sayyohlik mavsumini boshlashi mumkin. Bu haqda mamlakat madaniyat va sayyohlik vaziri Mehmet Nuri Ersoy Turkiya telekanali efirida aytgan. Uning taxminicha, mamlakatda aprel oyining oxirida koronavirus chekina boshlaydi va may oyi oxiriga kelib turizm mavsumini ochish mumkin.

Foto: Reuters

«Jamiyatda tartib intizom mana shu tarzda ushlab turilsa, may oyining oxiriga borib ichki turizm bilan mavsum boshlanishi mumkin», deb Mehmet Nuri Ersoyning so‘zlarini keltirmoqda Turkiya turizm vazirligi rasmiy tvitteri.

Vazirning taxminicha, turizm mavsumi ochilishi bilan Turkiyaga birinchilardan bo‘lib koronavirus yo‘qolgan Osiyo mamlakatlaridan sayyohlar tashrif buyura boshlaydi. Oldinroq Turkiya dunyo sayyohlari uchun o‘z eshiklarini kamida avgustda ochishi mumkinligi aytilgandi. Ayni damda turizm vazirligi avvalo ichki turizmni tiklash haqida o‘ylamoqda.

Dunyoning ko‘plab turfirmalari Turkiyaga sayohat uchun o‘tgan yil dekabrdayoq sotib olingan turlarni bahor-yoz tizimida tiklash bo‘yicha taklif bergan, biroq bu borada aniq javob berilmagan. Turkiya aviaqatnovlarni iyun oyidan avval tiklamoqchi emas. Ta'kidlash kerak, aynan bahor-yoz oralig‘i Turkiyada sayyohlik mavsumi uchun eng tirband davr hisoblanadi.

Turkiya iqtisodiyotining juda katta qismi aynan sayyohlik hisobidan to‘ldiriladi. Mamlakatga yiliga 41-45 million atrofida xorijiy sayyoh tashrif buyurib, ular Turkiya g‘aznasiga har yili o‘rtacha 29-34 milliard dollar foyda keltiradi. YaIM bo‘yicha dunyoda 16-o‘rinda turadigan (774 milliard dollar) Turkiya sayyohlar tashrifi bo‘yicha dunyoda 6-o‘rinda. Turkiyadagi «Istanbul» xalqaro aeroporti dunyodagi eng yiriklaridan bo‘lib yiliga 200 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat qiladi.

Hozirgacha Turkiyada koronavirus yuqtirganlar soni 82 mingdan oshib ketdi. Kasallik 1 900 ga yaqin turkiyalikning o‘limiga sabab bo‘lgan. Turkiya kasallanganlar soni bo‘yicha Eronni ortda qoldirdi va yaqin kunlarda Xitoydan ham o‘tib ketib fuqarolari koronavirus bilan kasallangan davlatlar orasida 7-o‘ringa ko‘tarilishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top