16:48 / 20.04.2020
7691
MIB jarima to‘lash muddati faqatgina karantinga olingan shaxslar uchun uzaytirilganini eslatdi

Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov karantin davrida jarimalarni undirish tadbirlari qanday davom etayotgani haqida ma'lumot berdi.

Foto: Majburiy ijro byurosi

«Hozirgi kunda faqatgina karantinga olingan shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan ma'muriy jarimalarni to‘lash muddatlari karantin muddati tugagunga qadar uzaytirilgan. Qolgan hollarda esa jarimalarni vaqtida to‘lash zarur», – dedi Farrux Toshpo‘latov 20 aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan onlayn brifingda.

3 aprel kuni O‘zbekistonda inqirozga qarshi choralarning 2-paketi qabul qilingan edi. Unga asosan, karantinga olingan shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan ma'muriy jarimalarni to‘lash muddatlari karantin muddati tugagunga qadar uzaytirilgan. Ammo karantin qoidalarini buzganlik uchun to‘lanadigan jarimalar bundan mustasno.

Ma'lumot uchun, 18 aprelgacha O‘zbekistonda jami 250 mingga yaqin shaxs karantinga olingan, shulardan 156 ming nafariga kuzatuvdan chiqarilgan.

2 mingdan ortiq ehtiyojmand qarzdorning qarzi to‘lab berildi

Farrux Toshpo‘latovning aytishicha, Majburiy ijro byurosi organlari tashabbusi bilan joylardagi kam ta'minlangan oilalarning foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorligini undirishga homiylik asosida saxovatpesha tadbirkorlar, savobtalab insonlar jalb qilinmoqda.

«Hozirga qadar 2 mingdan ortiq ehtiyojmand fuqarolarga 426 million so‘mdan ortiq kommunal xizmat uchun qarzdorliklarini bartaraf etish va boshqa amaliy yordamlar ko‘rsatish bilan bog‘liq saxovat tadbirlari tashkil etildi», – dedi MIB vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, fuqarolar sud va boshqa organlar hujjatlari bo‘yicha qarzdorliklarni bilish, respublikadan chiqish uchun taqiqlar haqida ma'lumot olish uchun MIBning rasmiy Telegram-kanali va unga ulangan botdan foydalanishlari mumkinligini ta'kidladi.

Bot orqali barcha to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati ham bor.

«Biroq xuddi shu nomdagi soxta botlar ham aniqlanganini hisobga olib, rasmiy botni aniqlashda ehtiyot bo‘lishni so‘raymiz», – dedi Farrux Toshpo‘latov.

Top