3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.

Unga ko‘ra, 22,3 trln so‘mlik chora-tadbirlar, shu jumladan, 20,1 trln so‘mlik soliq va kredit to‘lovlarini kechiktirib turish belgilangan.

Moliya vazirligi ushbu farmonda ko‘zda tutilgan choralar haqida batafsil ma'lumot berdi:

  • 2020 yil 31 dekabriga qadar un, o‘simlik yog‘i, go‘sht va sut mahsulotlari, shakar, gigiyena vositalari kabi asosiy iste'mol tovarlari — jami 20 turdagi, jumladan, 13ta oziq-ovqat va 7 turdagi gigiyena mahsulotlari import qilishda bojxona boji va aksiz solig‘i undirilmaydi — 125 mlrd so‘m;
  • mart-iyun oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni to‘lash uchun qo‘shimcha murojaat va hujjatlar talab etilmaydi — avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi — 570 mlrd so‘m;
  • karantin davrida yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena tovarlari bepul yetkazib beriladi — 2 mlrd so‘m;
  • ijtimoiy nafaqa olish uchun ariza bilan birga taqdim etiladigan hujjatlar kamaytiriladi;
  • turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etiladi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi — 135 mlrd so‘m;
  • karantin davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni hisoblash to‘xtatiladi. Ushbu imtiyoz qariyb 150 ming yakka tartibdagi tadbirkorga katta ko‘mak bo‘ladi — 400 mlrd so‘m;
  • tushumi o‘tgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes sub'yektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i, mulk solig‘i, ijtimoiy soliq va suv solig‘ini to‘lash muddati shu yil 1 oktyabrga qadar kechiktiriladi. Tadbirkorlar bu imtiyozlardan soliq idorasini uydan turib xabardor qilishi mumkin.