09:25 / 22.04.2020
13586
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi ma'lum qilindi 

Eksport hajmi 3,3 mlrd dollarga va import hajmi 4,7 mlrd dollarga yetdi 

 2020 yil yanvar-mart oylari yakuni bilan O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi (TSA) 8,1 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, 2019 yilning mos davriga nisbatan 924,1 mln. AQSh dollariga yoki 10,2 foizga kamaydi.

Davstatqo‘m xabariga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoning deyarli barcha davlatlariga tarqalgan koronavirus pandemiyasi xalqaro integratsiyaning kamayishiga hamda davlat chegaralarning yopilishiga sabab bo‘ldi. Bu esa mamlakatning tashqi savdo sohasi hamda aholining turmush darajasiga bevosita o‘z ta'sirini o‘tkazmoqda.

TSAda eksport hajmi 3,3 mlrd AQSh dollariga (10,9 foizga kamaydi) va import hajmi 4,7 mlrd AQSh dollariga (9,7 foizga kamaydi) yetdi. Hisobot davrida - 1,3 mlrd AQSh dollari qiymatida passiv tashqi savdo balansi qayd etildi. 

O‘zbekiston, jahonning 150 dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. TSAning nisbatan salmoqli hissasi Rossiya Federatsiyasida (16,9 foiz), Xitoy Xalq Respublikasida (16,8 foiz), Qozog‘istonda (8,3 foiz), Koreya Respublikasida (6,7 foiz), Turkiyada (5,8 foiz), Qirg‘iziston Respublikasida (2,3 foiz) va Germaniya (2,1 foiz) qayd etilgan. 

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor-davlatlar orasidan yettita davlatda faol tashqi savdo balansi kuzatilgan. Afg‘oniston (151,1 mln. AQSh dollari), Qirg‘iziston (121,2 mln. AQSh dollari), Tojikiston (78,8 mln. AQSh dollari), Turkiya (62,3 mln. AQSh dollari), Eron (16,4 mln. AQSh dollari), BAA (15,7 mln. AQSh dollari) va Fransiya (10,1 mln. AQSh dollari) shular jumlasidan. Qolgan 13 ta davlatlar bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda. 

2020 yil yanvar-mart oylarida, tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 36,2 foizni tashkil etib, tashqi savdo aylanmasidagi o‘tgan yilga nisbatan ulushi 2,5 foizga oshgan.

Top