18:31 / 23.04.2020
7723
Zafar Hoshimov «Saxovat va ko‘mak» harakati yo‘lga qo‘yilayotganiga munosabat bildirdi

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida so‘z olgan tadbirkor Zafar Hoshimov prezident ilgari surgan «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati haqida to‘xtalib o‘tdi.

Foto: XPK

«Mana hozir saxovatpesha, savobga o‘ch xalqimiz haqida gapirildi. Bizning tadbirkorlar – xalqdan, jamiyatdan alohida turadigan toifa emas. Biz shu xalqning jonidan jon, qonidan qonmiz, birgamiz. Qirq kundan beri karantin sharoitlarida faoliyat ko‘rsatib boryapmiz. Ko‘p tadbirkorlarning saxovatpeshaligi aytilmasa ham saxovat qilib yurganida ham o‘z ifodasini topgan.

«Saxovat va ko‘mak» harakati haqida gapiradigan bo‘lsak, men uchun u katta belgi, ramziy ma'noga ega. So‘nggi uch yilda bo‘lgan ishlar haqida gap bordi. Men 1991 yildan, mustaqillik boshidan boshlab tadbirkorlik qilaman. Bunga tadbirkorlarga berilgan katta ishonch sifatida ham qarash kerak. Bergan yordamlaringizning o‘rni qoplanadi, deyildi. Bu kafolatlardan ko‘rinadiki, bu bizga nimanidir qildirish, bizni majburlash emas. Bizning tadbirkor sifatidagi tashabbuskorligimiz, moslashuvchanligimizni hisobga olib, ishonch bildirilmoqda», – dedi Zafar Hoshimov.

Tadbirkor so‘nggi 3 yilda yaratilgan sharoitlar natijasida korxonasi to‘rt baravar kengaygani aytib, karantin e'lon qilingan vaqtdan buyon 520ta yangi ish o‘rni ochilganini ta'kidlab o‘tdi.

«Yana bir narsani aytmoqchiman. Davlat ishonch bildirayotgani, bu katta savob ekanidan tashqari, bunda biznes ma'no ham bor. Chunki odamlarimiz shu sharoitdan qanchalik butun chiqsa, ular – ertaga bizning iste'molchilarimiz. Aytaylik, biz nimanidir saqlab qolamiz desag-u, ertaga mijozlarda pul bo‘lmasa, ular tovar va xizmatlarimizni sotib ola olishmaydi», dedi Zafar Hoshimov.

Top