2024 yil 1 yanvarga qadar 36ta guruhga kiradigan tovarga nisbatan bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanadi.

Ro‘yxatdagi 36ta guruhga kiradigan 1000dan ortiq mahsulot narxlari arzonlayapti.

Kun.uz bilan suhbatda tadbirkor Zafar Hoshimov nega aynan hozir bojlar olib tashlangani va qaysi tovarlar qanchaga arzonlagani haqida gapirdi.

“Imtiyozli olib kiriladigan tovarlar 60-70taga yetdi”

— Ko‘pgina meva-chevalar qatorida xurmo ham arzonladi. Bu ayni Ramazon oyining ilk kunlariga to‘g‘ri kelgani juda yaxshi bo‘ldi. Mevalar narxi o‘rtacha 20-25 foizga arzonladi.

Tsitrus mevalarga oldinroq imtiyoz berilgandi. Ya’ni bu qarorda 36 turdagi tovarlar guruhiga bojxona bojlari olinishi bilan birga avvalgi 25 turdagi tovarlarga nisbatan imtiyoz ham cho‘zildi. Umuman olganda, imtiyozda olib kirilayotgan tovarlar soni 60-70taga yetdi.

Olma, nok narxlari, bundan tashqari juda keng tovarlar guruhi – pishloqlar, sut mahsulotlari, go‘sht, baliq konservalari, qandolat mahsulotlari, bolalar ozuqalarining narxlari ham tushdi.

Bolalar kashasi bojlari nollashtirilgach, 20 foiz arzonladi.

“Nimaga aynan hozir bojlar olib tashlandi deb ko‘p savol berishdi, chunki...”

— Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, xususan, Rossiyadan ko‘p mahsulotlar kelardi. Rossiyada juda ko‘p zavodlar ishlayotgandi. Endi hozirgi geosiyosiy vaziyat tufayli Rossiyadan juda ko‘p yirik brend va korxonalar chiqib ketdi.

Buning natijasida Rossiyaning o‘zida ham ishlab chiqarish qisqara boshladi va narxlar oshdi. Bundan tashqari, rublning sun’iy ushlab turilgani Rossiyadan kelayotgan mahsulotlar narxini ko‘tardi. Butun dunyoda oziq-ovqat krizisi bo‘lyapti. Ikkita katta davlat – Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush oziq-ovqat mahsulotlarining dunyodagi taklifini qisqartiryapti. Shu sababli narxlar oshib boryapti. Prezidentning o‘z vaqtida chiqarilgan farmoni ichki iste’mol bozoriga dunyoda bo‘layotgan qimmatchilikdan yengillik berdi desak bo‘ladi. Bu vaqtida qo‘yilgan qadam.

Aksiyamizni shu sababli “Inson qadri uchun” deb nomladik.

Shokolad ustidagi katta bojlar