21:20 / 29.04.2020
43133
Karantindagi «snoslar». Yangiyo‘lda 47ta uy nega buzilishga tushdi?

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani «Bunyodkor» mahallasida 7 gektardan ortiqroq maydonda qad rostlagan 47ta xonadon buzilishi rejalashtirilmoqda. 28 aprel kuni uylarning bir qismi yaroqsiz holga keltirildi. 

O‘zbekistonda karantin cheklovlari e'lon qilinganiga qaramay, «Bunyodkor» mahallasida qurilgan aholi uy-joylarini buzib tashlash tuman hokimligi uchun qiyin bo‘lmadi. Voqeaga guvohlaridan biri Shavkat Bobojonovning Kun.uz'ga aytishicha, jarayon paytida aholi tomonidan qarshilik ko‘rsatish imkoniyati ham yo‘q edi. 

«Buldozerlar ovozini eshitib tashqariga chiqdik, notanish shaxslar o‘tib ketganini ko‘rdik, ularning ortidan yugurdik. Qarshilik qilishimizga qaramay, tuman hokimi o‘rinbosari Aziz Akromov, tuman prokurori Rashidov ishlarga boshchilik qildi. Agar aholi qarshilik qilsa, karantin tartibini buzish vaji bilan qamalishi mumkin edi. Buning uchun avtobus ham keltirilgandi. Buzilish boshlangach, mutasaddilar savollarimizga javob qaytarmay mashinaga o‘tirib, indamay ketib qolishdi», deydi Bobojonov. 

Shavkat Bobojonov

28 aprel kuni tushdan so‘ng buzilgan uy-joy oldida tuman hokimi o‘rinbosari Aziz Akromov hamda aholi vakillari suhbati tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Dilrabo Xolboyeva va Rasul Kusherbayev ham ishtirok etdi.

«Bu yerdagi aholi o‘tgan yil boshlarida murojaat bilan menga chiqishgandi. Murojaatni o‘rganish davomida ma'lum bo‘ldiki, tuman hokimi qarori bilan 2003-2005 yillarda «Yangiyo‘l» shirkat xo‘jaligi hisobidan aholiga yer ajratib berilgan. Ularning bir qismi o‘z vaqtida qurilish qilgan, boshqalar qilmagan. Oradan ko‘p vaqt o‘tib, bu yerlar sug‘oriladigan yer ekani, qurilmalar esa o‘zboshimcha amalga oshirilgani haqida vaj paydo bo‘lyapti. Hokimlik bilan muloqotda bo‘lganimda aholi qo‘lidagi qaror va boshqa hujjatlar soxta ekani aytildi. Ammo arxivdan olgan ma'lumotimga ko‘ra, hujjatlar qonuniyligi ma'lum bo‘ldi.

Shunday keyin, menda shubha paydo bo‘ldi: agar bu hujjatlar soxta bo‘lib, o‘zboshimcha qurilish qilingan bo‘lsa, o‘tgan yillar davomida so‘rovi bo‘lardi-ku? Umuman, o‘zboshimcha so‘zini bularga nisbatan qo‘llash noto‘g‘ri-ku? Negaki, bular qonuniy ajratilgan yerga bino qurgan», deydi deputat. 

Hokim o‘rinbosarining aytishicha, fuqarolar sug‘oriladigan unumdor qishloq xo‘jaligi maydoniga uy-joy qurib, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligiga putur yetkazgan. Bundan tashqari, ularning tasarrufidagi hujjat ham soxta ekani iddao qilindi. 

«Bu joylar bo‘yicha ikki yil ichida o‘rganishlar bo‘ldi. Ogohlantirishimizga qaramasdan, aholi yerlarni o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirmoqda. Yaqin-yaqingacha bu yer bog‘ edi. Qaysidir mansabdor shaxs manfaatidanmi, bu yer fermerga biriktirilmay qolgan. Aholining uy-joy qurishiga esa sharoit yaratib bergan. O‘rganishlar davomida to‘plangan hujjatlar prokuraturaga topshirilgan, shu yuzasidan jinoyat ishi ochilgan», deya ma'lumot berdi u. 

Aziz Akromov

Hokim o‘rinbosarining ta'kidlashicha, 47ta uy-joy egasi davlat rahbari e'lon qilgan o‘zboshimcha qurilishga bir martalik afv e'lon qilish aksiyasida ishtirok etish uchun ariza topshirgandi.  

«Arizalar bo‘yicha ijobiy xulosa taqdim etib, nima uchundir kadastr idoralari ham imzo qo‘ygan, arxitektor ham imzo qo‘ygan. Bu hududni yaxshi bilganim uchun, arizalar bilan alohida shug‘ullandik. Tuman bosh arxitektorining ma'lumoti bilan bu yerda qurilgan uy-joylarda yashash uchun minimal sharoitlar ham yo‘qligi tasdiqlangan. Demak, yashash sharoiti bo‘lmaganda, arizalar rad etilishi kerak edi», deya qo‘shimcha qildi u.

Tuman hokimi o‘rinbosari nazarda tutgan, ayni paytda buzilgan uy-joylarda yashash sharoiti aslida qanday bo‘lganini aniqlashning imkoni bo‘lmadi. Ammo aholi taklifi bilan boshqa xonadonni ko‘zdan kechirdik. Uy egasi oila a'zolari bilan yashash uchun barcha sharoit borligini aytib, Akromovning gapidan hayron qolayotganini yashirmadi.

«Bundan ortiq qanday sharoit kerak? Men arxitektorning uyida qanday sharoit bor, bilmayman. Borib ko‘rishim kerak, shekilli», deydi uy sohibi. 

Tuman hokimi o‘rinbosari «sug‘oriladigan yerda o‘zboshimcha qurilgan uy-joy», deya ta'riflanayotgan binolarni buzish uchun sud qarorini kutmay harakat boshlab yuborgan.

«Nima uchun sud qarorini kutmadik? Sababi – sudga berish uchun fuqaroni ogohlantirish kerak. Biz ularni bir necha marta ogohlantirdik. Mutasaddilar qurilmaning egasini topolmadi. Demak, sud fuqaroning ogohlantirish xati olgani yo undan bosh tortgani haqida dalolatnomani qabul qilmasa, ishni ko‘rib chiqmaydi. Shuning uchun biz majbur bo‘ldik. Aslida kolxozning qarori shu hududda yashagan, ishlagan xodim va uning yaqin qarindoshlari nomiga chiqarilgandi. Bugungi kunda, bu qarorlar kolxozga aloqador bo‘lmagan shaxslarga ham chiqarilgani aniqlandi. Ish shu darajagacha bordiki, arxiv hujjatlarini ham to‘g‘rilab qo‘yishmoqda», dedi Akromov. 

Tuman hokimligi vakili buzilgan uylarda odam yashamagani uchun «snos» karantin vaqtida boshlanganini ta'kidladi. Shuningdek, o‘zboshimcha qurilishni afv etish aksiyasida berilgan ijobiy xulosaga Aziz Akromovning o‘zi ham imzo qo‘yganiga jo‘yali izoh berilmadi. Akromovning o‘zi xulosaga imzo qo‘ygan mutasaddilarni ishiga mas'uliyatsizlik bilan qaraganini ta'kidlab, ularni aybladi. 

Kusherbayevning aytishicha, masalaning tuguni – aholi yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olgach, bino qurganmi yo yo‘q? Ularning qo‘lidagi hujjat o‘z vaqtida qonuniy tayyorlangan bo‘lsa, o‘zboshimchalik isbotini topadimi? Bu munozarani sud ko‘rib chiqishi, har ikki tomoning da'vosini o‘rganib, hal qiluvchi qaror chiqarishi lozim. 

Akromov binolar o‘zboshimcha qurilganini isbotlash uchun Google Earth orqali olingan suratlarni ilova qilganini aytsa-da, yana qaysi hujjatlar «snos»ga asos bo‘lganini aytmadi. 

Tuman prokurori Muzaffar Rashidov esa aholi uy-joyini buzish uchun boshqa asos ham mavjudligini aytdi.

«Agar aholi uchun yer qonuniy ajratilgan taqdirda ham, ular bino rostlash uchun belgilangan muddatda qurilish qilmagan. Sug‘oriladigan yerga o‘zboshimcha qurilish qilganidan tashqari, ular qonunning boshqa talabini ham buzishgan», deydi u.

«Bu yerda maqsad odamlarga yordam bermaslik bo‘lsa, ikki yil ichida qurilish qilmagani vaji bilan barcha qarorni bekor qilish mumkin. Odamlarga yengillik qilish jihatidan qaralsa, bunday bo‘lmaslik kerak. Agar shunday yondashuv bo‘lsa, Yangiyo‘l bo‘yicha barcha qarorlarni ko‘rib chiqsak, qancha odam qurilishni qancha muddatda tugatdi? Bularga kelganda plastinka teskari aylanishi adolatsizlik. Ular hujjatlarni noqonuniy olmagan-ku, aylanib kelib, endi vaqtida qurmagan, degan vaj kelib chiqyapti», deydi deputat Kusherbayev.

Suhbat so‘ngida tuman prokurori Muzaffar Rashidov masalaga yechim taklif qilib, quyidagi fikrni bildirdi: «Ularda yerga egalik huquqi haligacha yo‘q. Ularga yerni xo‘jalikdan foydalanish uchun biriktirib beraylik. Hozir qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirib, oilasi va jamiyatga foyda keltirsin».

Muzaffar Rashidov

Aslida oziq-ovqat xavfsizligi vaji bilan tortib olinayotgan yerga jami 12 milliard so‘m qiymatdagi park va sayilgoh kabi bino-inshootlari qurish rejalashtirilgani haqida ma'lumot mavjud. Joriy yil fevraliga qadar ishlagan tumanning sobiq hokimi To‘xtaboyev sobiq prokuror Raimovga yuborgan xatida buni bayon etgan. Shu tufayli, uy-joy buzilishi zarurligi aytilgan. Ammo amaldagi prokuror va tuman hokimi bunda bexabar ekanini aytib, avvalgi rejalarni inkor etdi. 

Ayni maqolada voqealar silsilasini keltirib, xulosa qilishni o‘quvchiga havola etiladi. Biz jarayonlarni kuzatamiz va masalaga qaytamiz. 

Alisher Ro‘zioxunov
Tasvirchi: Doniyor Yoqubov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top