09:52 / 01.05.2020
36090
«Ertalab bolamning oldiga nima qo‘yaman?!» – Kecha va bugungi kunlar haqida o‘ylar

​​​​​​​Uch-to‘rt kun avval tadbirkor akamiz ehson qilishi uchun chin muhtojlarni topib berishimni so‘radi. O‘zim taniydigan, mahallada hammani biladigan Nayim domla bilan kengashdim. U kambag‘al va muhtojlarni sanayverdi, mening esa yuragim og‘riy boshladi...

O‘ntacha muhtoj oilani sanadi, har yangi eslagani oldingisidan muhtojroq edi. «Uka, to‘xtang, bunisiga yordam berish kerak, bu muhtojroq...»

Keyin mahallada ishlaydigan yigitlar bilan bog‘landik. Ularning ro‘yxati bilan Nayim domlaning «ro‘yxati» juda mos keldi. Afsuski, bu ro‘yxatda 52 oila bor ekan, ehson esa ikki yoki uchta oilaga ajratilishi kerak edi. Bir do‘stimiz ishlatgan ibora yodga tushdi: «Qaniydi, falonchiday boy bo‘lsang-u hamma muhtojlarga pulingni tarqatsang!».

Ikkinchi misol. Qo‘shni qishloqda masjid qurilyapti. O‘sha mahallada bir namozxon aka bor. Farzandi AQShga borib ishlayapti, oila o‘ziga to‘q. Imom domla o‘sha kishi bir necha marta masjidga ehson qilgani, muhim qurilish ashyolarini olib berganini aytdi. Bir safar «Aka, qo‘ying, sizning ham ro‘zg‘oringiz bor. Keragicha ehson qildingiz, mahallada sizdan ko‘ra ancha boylar bor» deb e'tiroz bildiribdi. U kishi «Yaqinda shahardan uy olmoqchi edik. Xudoga shukur, hovlimiz, mol-holimiz bor. Ortiqcha mulkka muhtoj emasmiz. O‘g‘lim o‘sha mablag‘ni masjidga berishimni tayinladi. Farzandimni duo qiling, qori aka. Alloh u dunyomizni ham chiroyli qilsin, shaharda oladigan uyimizdan go‘zalroq uy bersin» debdi. Bu bir yil oldingi gap.  

O‘tgan hafta mahalladagilar aytib qolishdi. Qo‘shni qishloqda katta bir yuk mashinasida muhtojlarga tekin un-yog‘ tarqatilayotgan ekan. O‘rtacha oltmish-yetmish million so‘mlik mahsulot Ramazon arafasida ehson qilinibdi. Bu xayrli ishni kim qilgani bilan qiziqdim. O‘sha eski tanishimiz – Alloh chiroyli uy berishidan umid qilgan akaning ishi ekan bu ham.

Endi mavzuning siyosiyroq tomoniga o‘tsak. Prezident «Saxovat va ko‘mak» umummilliy harakatini e'lon qildi. Ushbu harakat tafsilotiga to‘la to‘xtalmagan holda bir jihatini tahlil qilsak. Davlat rahbari taklif etgan g‘oya zamirida davlat boyni, boy kambag‘alni qo‘llashi kerak. Davlat tadbirkorga imtiyoz va pul beradi, ishbilarmon o‘z navbatida istagiga ko‘ra nochorlarga hozirgi qiyin sharoitda oziq-ovqat mahsuloti yetkazib beradi yoki ish bilan ta'minlaydi.

Kuzatayotganim va hozircha o‘qib borayotganlarimning deyarli barchasida tadbirkorlar muhtojlarning uyiga oziq-ovqat olib boryapti. Ish emas. Vaholanki, ish bersa, o‘sha oila tadbirkorning qo‘liga qarab o‘tirmaydi va mehnati evaziga oladi o‘sha mahsulotni. Mutelik hissi bo‘lmaydi o‘shanda. Ishlagani uchun soliq ham to‘laydi, tadbirkor ham ishchi kuchiga ega bo‘ladi, davlat ham manfaat topadi.

Mexanizm shunday ishlamas ekan, biz bu sinovlardan qudratli, irodali bo‘lib chiqolmaymiz. Kambag‘al yanada siniq, yanada tobe bo‘lib qoladi.

Bugun «boqimanda» degan iborani ishlatsangiz «yoqangizga yopishadiganlar» ko‘paydi. «Biror marta och qolib ko‘r, ertalab turib bolangga nima topib berishni bilmasang, shunda ko‘zing ochiladi» deguvchilar talaygina.

1995-96 yillarda o‘zim ham ko‘p marta och qolganman. Otam yoki onam har safar uyga non olib kelganda, oxirgi pulini ishlatgan bo‘lardi. Ko‘plar shunday edi, lekin o‘lmaganmiz. Aksincha, o‘sha tuyg‘u hozirgacha yuragimga kuch berib turadi...

Shu o‘rinda bir rivoyat yodga tushdi:

Mavlono Rumiy uylarida yeydigan hech vaqo qolmaganini xabar bergan ayollaridan qayta-qayta so‘rayveribdi:

– Hech narsa qolmadimi?

– Yo‘q.

– Og‘izga oladigan hech vaqo yo‘qmi?

– Yo‘q.

– Hech narsa-ya?

– Hech narsa...

Hazrati Mavlono shodliklaridan yuzlari gul-gul yonib, qo‘llarini duoga ochdilar: «Allohim, senga hamdu sanolar bo‘lsin, uyim Rasulullohning xonadoniga o‘xshabdi...»

Xulosa.

Bugungi imtihon muhtojni ham, boyni ham toblashi, poklashi kerak.

Isomiddin Po‘latov

Top