15:49 / 01.05.2020
91346
Suv oqimi Arnasoyga yo‘naltirilgan. Sardoba aholisi Jizzaxdagi maktab va kollejlarga joylashtirilmoqda

Sirdaryoning suv ostida qolgan mahallalari aholisi Jizzaxdagi maktab va kollejlarga joylashtirilmoqda. Shuningdek, Sardoba suv omboridan suv chiqishi kamaygani, suv oqimi Arnasoy ko‘li tomon yo‘naltirilgani ma'lum qilindi.

Videodan kadr

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sardoba suv omboridan suv chiqishi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, Jizzax viloyatining Do‘stlik, Paxtakor, Zarbdor va Mirzacho‘l tumanlarida tashkil etilgan maxsus shtablar tomonidan maktab, kollej, xususiy korxonalar va aholi xonadonlariga fuqarolarni joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, Mirzaobod tumanidagi «Navbahor», «Haqiqat» va «Bahoriston» MFYlari aholi yashash punktlariga qisman suv kirgan. Aholi ushbu tumandagi kasb-hunar kolleji, Safarbarlik chaqiruv rezervi bo‘yicha harbiy qism va kasalxonaga evakuatsiya qilindi.

Evakuatsiya tadbirlari Jizzax viloyatiga ham tashkillashtirildi. Xususan, Oqoltin tumanidagi «Ahillik», «Shodlik», «Saxovat», «Navoiy», «Do‘stlik», «Ko‘rkamdiyor», «Toshkent», «Yangihayot», «Obod» va «Mustahkam» MFYlar aholisi Jizzax viloyati Gagarin shaharchasiga vaqtinchalik ko‘chirildi. Unda aholi uchun 6000 dona niqob, 80 dona antiseptik vosita, 200 juft bir martalik qo‘lqoplar va boshqa tibbiyot vositalari tarqatildi. 

Bundan tashqari, Sardoba shaharchasidagi aholini ham Jizzax viloyati Gagarin aholi yashash punktiga evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. 

Mirzaobod tumanidagi «Beruniy», «Paxtaobod», «Baliqchi», «Haqiqat», «Bahoriston», «Yangiovul» va «Do‘ngariq» MFYlar aholisi suv toshish xavfi bo‘lgani uchun Yangiyer shahriga evakuatsiya qilinmoqda. 

Toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy ko‘liga yo‘naltirilgan.

Hozirda dambadan suv chiqishi kamaygan.

Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.

  • Eslatib o‘tamiz, bugun, 1 may kuni soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga keldi. Natijada Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan edi. 
  • Mazkur vaziyat oqibatlarini bartaraf etish, evakuatsiya tadbirlarini tashkillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida, voqea joyiga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti yetib borgan.
Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top