01:14 / 02.05.2020
36906
«Menda uy bo‘lmaydi». Ilon Mask barcha mulklarini sotishini ma'lum qildi

Amerikalik biznesmen, Tesla va SpaceX rahbari Ilon Mask o‘ziga tegishli barcha mulklarni sotishini ma'lum qildi. U bu haqda Twitter sahifasida bildirdi.

Foto: Steve Nesius / Reuters

«Menda uy bo‘lmaydi», — deb yozdi Mask.

Mask bundan tashqari, Jim Uaylderning (Jyerom Silberman, «Villi Vonka va shokolad fabrikasi» filmida bosh rol ijrochisi, 2016 yilda vafot etgan) uyini sotmasligini, aks holda «ruhidan ayrilishi»ni yozdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Tesla aksiyalari ortiqcha qimmat. Ana shu bayonotdan so‘ng Tesla aksiyalari narxi 7,1 foizga, 711,5 dollargacha tushib ketdi.

Avvalroq Mask va AQSh qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi kelishuv imzolagandi. Unga ko‘ra, Mask tvitterda Tesla yuristlarining roziligisiz kompaniya to‘g‘risida yozmaydi. 

U shu bilan birga 20 million dollar jarima to‘lagan va Tesla direktorlar kengashi raisligini uch yilga tark etgandi. 

Ilon Mask Yer yuzining barcha nuqtasiga sifatli internet yetkazib berish bo‘yicha Starlink loyihasini amalga oshirmoqda. Uning dastlabki qiymati 10-12 milliard dollarga baholangan. Ba'zi manbalarda esa loyihaning 40 milliard dollarga teng ekani aytilgan.  

Starlink dunyoning yarmi shaharlardan tashqarida yashashini inobatga olib, sayyoraga teng taqsimlanadigan sifatli internet provayder yaratishni maqsad qilgan.

Starlink loyihasi doirasida orbitaga 12 mingdan 30 mingtagacha sun'iy yo‘ldosh olib chiqish mo‘ljallangan. Ular uch qavat bo‘lib Yerni o‘rab oladi va shu tariqa butun dunyoga sifatli internet yetkazib berishni ta'minlaydigan provayder uchun «sun'iy yo‘ldoshlar armiyasi» paydo bo‘ladi. Hozirgacha ularning 420 donasi orbitaga joylashtirildi.

Top