21:13 / 23.03.2024
20612

Miyasiga Neuralink chipi o‘rnatilgan birinchi odam fikr kuchi bilan tvit yozdi

Avvalroq, u fikr kuchi bilan noutbuk ekranidagi shaxmat taxtasi bo‘ylab donalarni surgan edi.

Foto: REUTERS/Dado Ruvic

Miyasiga Neuralink kompaniyasining chipi o‘rnatilgan birinchi bemor fikr kuchidan foydalangan holda X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida o‘zining birinchi postini yozdi. Bu haqda Neuralink va X kompaniyasi egasi Ilon Mask ma’lum qildi.

«Neuralink telepatiya qurilmasi yordamida fikr kuchi bilan yozilgan birinchi post!», deb yozdi milliarder va bemor Nolan Arbo sahifasidagi postni ko‘rsatdi.

«Twitter meni bot sifatida taqiqlab qo‘ydi, lekin Ilon Mask sahifani tiklab berdi, shunday», deyiladi bemor yozgan xabarda.

29 yoshli Nolan Arbo sakkiz yil avval sodir bo‘lgan baxtsiz hodisadan so‘ng yelkasidan pasti shol bo‘lib qolgan. 28 yanvar kuni Neuralink neyrotexnologiya kompaniyasi birinchi marta uning miyasiga neyrochipni o‘rnatdi. Telepathy deb nomlangan Neuralink implanti yordamida u yana kompyuter bilan muloqot qilishi mumkin - lekin sichqoncha va klaviatura orqali emas, balki fikr kuchi bilan. Jumladan, u fikr kuchi bilan shaxmat o‘ynashga muvaffaq bo‘ldi.

Ilon Mask chipdan birinchi foydalanuvchilar oyoq-qo‘llari ustidan nazoratni yo‘qotgan odamlar bo‘lishini ma’lum qildi. Shuningdek, u test jarayoni taxminan olti yil davom etishini qayd etdi. Bungacha chip ustida tadqiqotlar hayvonlar ustida olib borilgan.

2023 yil sentabr oyida Neuralink chiplarni sinab ko‘rish uchun ko‘ngillilarni jalb qila boshladi. Kompaniya tetraplegiya bilan kasallangan nomzodlarni qidirmoqda.

Neuralink kompaniyasi 2016 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning taxminiy qiymati 1 milliard dollardan oshadi. 2021 yil aprel oyida kompaniya miyasiga chip o‘rnatilgan maymunni ko‘rsatdi. Hayvon fikr kuchi bilan kompyuter monitoridagi kursorni boshqardi va shu tariqa stol tennisi o‘ynadi.

Mavzuga oid
Top