21:03 / 02.05.2020
10279
SamDChTI yangi sharoitlarda: onlayn o‘qitish, yangi o‘quv yiliga qabul va masofaviy ta'lim

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyev 30 aprel kuni joriy o‘quv yilini sifatli yakunlash, bitiruv va kirish imtihonlarini tashkil etish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilish davomida joriy o‘quv yilini sifatli yakunlash, xorijiy davlatlar tajribasi va bugungi vaziyatdan kelib chiqib, oliy o‘quv yurtlarida bitiruv imtihonlarini onlayn shaklda o‘tkazish, o‘quv yuklamalarni va dasturlarni qayta ko‘rib chiqish, oliy o‘quv yurtlarida amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga e'tiborni kuchaytirish, bosqichma-bosqich masofaviy shaklda pedagoglar malakasini oshirish, dars mashg‘ulotlarini masofadan kuzatish kabi masalalarga alohida urg‘u berildi.

Albatta, hozirda davom etayotgan masofaviy ta'lim berish jarayoni katta tajriba maktabi bo‘ldi. Biz ta'lim sohasida yana bir asosiy masofadan ta'lim berish va olish pog‘onasini zabt etdik.

Bitirish qanday bo‘ladi?

2019-2020 o‘quv yilida Samarqand davlat chet tillar institutida bakalavr ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha 594 nafar, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 103 nafar, jami bo‘lib 697 nafar bitiruvchi talabalar o‘qishini tamomlaydi, — deydi Samarqand Davlat chet tillar instituti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Ilhomjon To‘xtasinov.

Ilhomjon To‘xtasinov, SamDChTI rektori

Institut bitiruvchi kurs talabalarining yakuniy nazoratlar, yakuniy davlat attestatsiyalari, bitiruv malakaviy ish himoyalari, shuningdek, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlik dissertatsiyalari himoyalari masofaviy tarzda onlayn test sinovlari va taqdimotlar shaklida ZOOM ilovasi orqali o‘tkazilishi rejalashtirildi.

Bu borada eng maqbul va optimal variantlar tanlanib, amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqildi. OO‘MTV bilan kelishilgan holda bu holat to‘liq masofadan turib onlayn amalga oshiriladi. 

Samarqand davlat chet tillar institutining akademik litseyida ham joriy yilning 10 aprelidan onlayn dars mashg‘ulotlari tashkil etildi. O‘quvchilarni o‘tilayotgan mashg‘ulotlar bo‘yicha olgan bilimlarini baholash joriy va oraliq nazoratlar onlayn shaklda tashkil etilgan bo‘lib, o‘quv yilining yakunidagi davlat imtihonlari 60 ta test (O‘zbekiston tarixi fani, yo‘nalishlar bo‘yicha chuqurlashtirilgan fanlar)dan iborat testlar to‘plami bloklarga ajralgan holda, ko‘p variantlilik prinsipi asosida ishlab chiqiladi va o‘quvchilar masofaviy tarzda internet tarmog‘idan foydalangan holda imtihon topshiradilar.

Qabul: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri hamda OTM rektorlari ishtirokida kuni kecha 1 may kuni o‘tkazilgan videoselektorda yuqoridagi masalalar ko‘rib chiqildi va takomillashtirish bo‘yicha vazifalar hamda ko‘rsatmalar belgilab olindi. Jumladan, professor-o‘qituvchilarning masofadan o‘qitish metodikasini mustahkamlash bo‘yicha onlayn malaka oshirish ishlari olib boriladi, magistraturaga kirish uchun hujjatlar belgilangan tartibda 15 iyundan 15 iyulgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi, oliy ta'lim muassasalariga abituriyentlarning hujjatlarini masofadan qabul qilish bo‘yicha yangi tartibdagi imkoniyatlar va afzalliklar yaratiladi. Ya'ni, Davlat test markazi va «Davlat xizmatlari markazlari»  asosiy vazifalarni bajarishadi.

Abituriyentlarning test sinovlarini topshirishlari soddalashtirilganini hisobga olib aytadigan bo‘lsak, oldin abituriyentlarning 5 ta fan yuzasidan imtihon test sinovlarini topshirishlari belgilangan edi, endi esa fanlar soni qisqartirilib, 2 ta mutaxassislikka yaqin bo‘lgan fanlardan test sinovlarini topshirishlari rejalashtirilgan. Alohida iqtidor talab etiladigan / ijodiy ta'lim yo‘nalishlariga talabalikka qabul qilish jarayonlarini 3 tasi 1 da prinsiplari asosida tashkil etish belgilangan.

Talabalarning o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash jarayonlari ham masofadan onlayn tarzda 2020 yilning 15 iyulidan 5 avgustiga qadar hujjatlar qabul qilinadi va arizalar ko‘rib chiqiladi.

Samarqand davlat chet tillar institutida 2020/2021 o‘quv yilida bir qancha yangi yo‘nalishlar ochiladi. Jumladan, xalqaro doiradagi jurnalistlarni tayyorlaydigan ta'lim yo‘nalishi, Koreyaning Sukmyon va Choson universitetlari bilan qo‘shma ta'lim dasturlari asosida 2 ta, Latviyaning Riga texnika universiteti bilan 1 ta, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay xorijiy tillar universiteti bilan 1 ta, jami 4 ta ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha  kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Iqtisodiyot tarmoqlarining talablari asosida 2 ta yangi ta'lim yo‘nalishlari va 1 ta yangi magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanishi rejalashtirilgan.

Shu o‘rinda yana bir jihatni ta'kidlab o‘tish joiz, 2019/2020 o‘quv yilida Samarqand davlat chet tillar institutiga (bakalavr hamda magistratura) ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha 1030 ta qabul kvotalari ajratilgan edi, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab bu ko‘rsatkichni 20 foizga oshirishni rejalashtirilgan. Tashkil etilgan yangi ta'lim yo‘nalishlari va mavjud ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha ajratilgan qabul kvotalari miqdori haqida keyinroq rasmiy saytimiz orqali (samdchti.uz) ommaga e'lon beramiz.

Samarqand Davlat chet tillar isntituti

Texnikumlar:Videoselektorda oliy ta'lim muassasalari huzuridagi texnikumlar faoliyatini rivojlantirishga ham to‘xtalib o‘tildi. Hozirda Samarqand davlat chet tillar instituti huzurida Oqdaryo agroiqtisodiyot texnikumi hamda Narpay transport texnikumlari mavjud.

Oqdaryo agroiqtisodiyot texnikumida yangi o‘quv yili uchun texnikumga sohalar bo‘yicha 660 nafar kvota belgilandi.

Narpay transport texnikumida yangi o‘quv yilida sohalar bo‘yicha 240 nafar kvota rejalashtirilgan.

Texnikumlarga o‘quvchilar qabul qilish ko‘rsatkichlari bo‘yicha mutaxassislar kesimida (to‘lov-shartnoma asosida) takliflar tayyorlanib, yangi o‘quv yili uchun qabul kvotalari shakllantirildi. Ushbu texnikumlarda o‘qish muddati 2 yildan iborat.

Masofaviy ta'lim:Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida Samarqand davlat chet tillar instituti talaba-yoshlari 2020 yilning 16 martdan 2 haftalik ta'tilga chiqarilib, 1 aprel sanasidan e'tiboran masofaviy o‘quv jarayoniga jalb etildi. Bu borada o‘quv rejalardagi fanlarning dasturlarini mustaqil o‘zlashtirish, institut professor-o‘qituvchilari bilan muntazam aloqada bo‘lib turish, xorijiy tillar bo‘yicha til ko‘nikmalari («O‘qib tushunish», «Tinglab tushunish», «Yozish» va «Gapirish»)ni muntazam rivojlantirib borish hamda o‘zbek va tili o‘rganilayotgan mamlakatlar adabiyotining yirik namoyondalarining nodir asarlarini o‘qish va tahlil qilish orqali talabalarning dunyoqarashini yanada kengaytirish maqsadida har bir til mutaxassisligi bo‘yicha institutda masofaviy (onlayn) kurslar tashkil etildi.

Institutning masofaviy ta'lim platformasidan foydalanishni soddalashtirish maqsadida matritsa ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Matritsaning birinchi qadami o‘qituvchi hamda talabaning masofaviy ta'lim tizimida, ya'ni institutning moodle elektron ta'lim platformasida ishlashi uchun yo‘l xaritasi hisoblanadi. Bevosita ushbu tizim orqali talaba hech qanday qiyinchiliklarsiz o‘quv dasturini o‘zlashtirishi, berilgan topshiriq va vazifalarni bajarib borishi mumkin.

Moodle elektron ta'lim platformasi ishlashi prinsipi

Shu bilan bir qatorda mamlakatimizning barcha o‘quvchi-yoshlarining masofadan ta'lim olish sifatini yanada takomillashtirish maqsadida  institutida quyidagi fanlar yuzasidan onlayn kurslar platformalari (kompyuter va mobil versiyalari) ishlab chiqildi. 

  • Ingliz tili onlayn kursi. Mazkur kurs ingliz tilini o‘rganuvchilar uchun maxsus tashkil etilgan bo‘lib, 40 ta darsdan iborat va maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari uchun alohida kurslar va ingliz tilini boshlang‘ich, o‘rta, murakkab darajada o‘rganuvchilar uchun mo‘ljallangan qismlarga bo‘linadi.
  • Xitoy tili onlayn kursi (xitoy va ingliz tillarida olib boriladi). Mazkur kurs xitoy tilini boshlang‘ich darajadan o‘rganuvchilar uchun SamDChTIda faoliyat ko‘rsatayotgan xitoylik xitoy tili o‘qituvchilari tomonidan tashkil etildi. Ushbu kurs ham 40 ta darsdan iborat bo‘lib, boshlang‘ich, o‘rta, murakkab qismlarga bo‘linadi.
  • O‘zbekiston tarixi onlayn kursi (rus tili guruhlarida tahsil oluvchi o‘quvchilar uchun ham). Ushbu kursda talaba-yoshlar uchun Vatanimiz tarixining qadimgi zamondan hozirgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan barcha ma'lumotlar o‘z aksini topgan.
  • Psixologiya onlayn kursi. Mazkur kursda inson ruhiyati, (sezgi, idrok, xotira, tafakkur, diqqat) bilish jarayonlari va individual psixologik xususiyatlar (xarakter, temperament, qobiliyat, qiziqish, iste'dod) haqida bilimlarga ega bo‘lishadi.

Yaratilgan barcha videodarslar keyinchalik ham ta'lim jarayonlarida bevosita foydalaniladi, shuningdek, institut veb-sahifasiga, ijtimoiy tarmoqlariga muntazam joylashtirilib boriladi va kelajakda ma'lum ma'noda media mahsulotlar salmog‘i oshgandan so‘ng institutda mediamarkaz tarmog‘i tashkil etiladi.  

Besh tashabbus

«Talabalarimizga ta'lim berish qatorida Prezidentimizning 5 muhim tashabbusi doirasidagi ishlar ham masofadan me'yorida olib borilmoqda. Xususan, institutning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlarida har bir tashabbus bo‘yicha haftaliklar tashkil etildi. Bunda talabalar o‘zlarining bo‘sh vaqtida qanday loyihalar ustida ish olib borish holatlarini tasvirga olib, mutaxassislarimizga yuborishadi va internetga joylanadi. Ovoz berish yo‘li bilan g‘oliblar aniqlanadi va sovrinlari masofadan yetkaziladi.

Shuningdek, yurtimizdagi milliy bayramlarimizni ham talabalar tomonidan masofadan turib nishonlash, qolaversa keksa yoshdagi professor-o‘qituvchilarni holidan xabar olish ishlari ham o‘z me'yorida davom ettirib kelinmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni aytishim joizki, bugun siz va biz oila a'zolarimiz hamda boshqalarning salomatligini asraylik. Yurtimiz boshiga tushgan mana shunday og‘ir damlarda biz barchamiz birgalikda xayriya va saxovat ishlarini amalga oshiraylik. Institutning elparvar jamoa a'zolaridan 343 nafari o‘zlarining bir kunlik ish haqlarini «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga beg‘araz yordam tariqasida o‘tkazdilar. Muhtojlarga, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga xalqimizga xos bo‘lgan mehr-muruvvat xislatlarini namoyon etaylik.

Biz O‘zbek xalqi birlashib barcha ofat va balo-qazolarni yenga olamiz, Yangi O‘zbekistonni birga barpo etamiz», — deydi  Samarqand davlat chet tillar instituti ryektori IlhomjonTo‘xtasinov.

Institut axborot xizmati

Top