17:33 / 12.05.2020
35098
Dmitriy Peskovda koronavirus aniqlandi

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi va u shifoxonaga yotqizildi.

Foto: Natalya Seliverstova/RIA «Novosti»

«Ha, men kasallandim. Davolanyapman», deya xabar bergan uning o‘zi agentliklarga. U o‘zining holati va kasallanish darajasi bo‘yicha aniqlik kiritmagan.

Peskovning rafiqasi Tatyana Navkada ham virus aniqlangan.

Rossiyada Covid-19 epidemiyasi boshlangan vaqtda, aprel oyi boshida Dmitriy Peskov ma'lum muddat davomida virus blokatorini taqib yurgan, ammo ko‘p o‘tmay bu qurilma samarali emasligi ma'lum bo‘lgandi. Jurnalistlar bu qurilma haqida so‘rashganida, Peskov u virusdan qanchalik himoya qila olishini bilmasligini aytgandi.

«Bu vosita virusdan himoyalanishga yordam berish-bermasligini bilmayman. Men uni dorixonadan sotib oldim. Bilasizmi, hozir ko‘pchilik profilaktika nuqtai nazaridan turli vositalardan foydalanmoqda. To‘g‘risi, buning qandaydir foydasi borligiga ishonmayman. Ko‘plab ekspertlar bu zarar keltirishi mumkinligini haqida ta'kidlaganini ham o‘qiganman», degandi Putinning matbuot kotibi.

Mart oyi oxirida Peskov Rossiya prezidenti administratsiyasida kasallikka chalinganlar borligi haqida xabar bergandi. Keyinroq Rossiya hukumatining uch nafar a'zosi, jumladan bosh vazir Mixail Mishustinda koronavirus infeksiyasi aniqlangani ma'lum bo‘ldi.

RIA «Novosti» manbasining aniqlashicha, Peskov so‘nggi marta 30 aprel kuni Putin ishtirokidagi yig‘ilish vaqtida ko‘rinish bergandi — o‘sha kuni bosh vazir Mixail Mishustinga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgandi. TASS manbasi xabar berishicha, Peskov Putin bilan yuzma-yuz uchrashmaganiga bir oy vaqt bo‘lgan.

Prezident Vladimir Putin aprel oyidan buyon Moskva yaqinidagi Novo-Ogareva qarorgohida izolyatsiya rejimida yashamoqda. U tashqariga faqat 9 may kuni Ikkinchi jahon urushi qurbonlarini xotirlash uchun chiqdi.

Covid-19’dan zararlangani haqida xabar berar ekan, Peskov prezident Putin chorshanba kuni aviasanoatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazishi haqida ham ma'lum qilgan.

11 may kuni Putin Rossiyada ishlanmaydigan kunlar yakunlangani haqida e'lon qildi. Rossiya hududlari karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshatib boradi. Moskvada qurilish va sanoat korxonalari faoliyati tiklangan. Shu bilan birgalikda, poytaxtda jamoat joylarida tibbiy niqob taqish majburiy hisoblanadi.

Rossiya bugun koronavirusdan zararlanish holatlari bo‘yicha jahon reytingida ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. So‘nggi bir kunda mamlakatda yana 10 899 kishida Covid-19’dan zararlanish holati tasdiqlangan va jami holatlar soni 232 243taga yetgan. Rossiya bu orqali jahon reytingida Ispaniyani ham ortda qoldirdi va endi bu borada faqat AQShdan ortda qolmoqda. Shu bilan birgalikda, Rossiyada o‘limlar soni AQSh va Yevropaning yirik davlatlaridagiga qaraganda kamroq - 2 116 o‘lim.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top