14:27 / 13.05.2020
5966

Facebook ruhiy zo‘riqishga uchragan xodimlariga 52 mln dollar kompensatsiya to‘laydigan bo‘ldi

Kompaniyada 2015 yildan beri ishlab kelayotgan Kaliforniya, Texas, Arizona va Floridadan bo‘lgan 10 mingdan ortiq xodim kompensatsiya oladi.

Facebook kompaniyasi va ijtimoiy tarmoqning kontentlarni nazorat qiluvchi xodimlari sudda umumiy qiymati 52 mln dollarni tashkil etuvchi kompensatsiya to‘lanishi to‘g‘risida kelishuv tuzdi

Posttravmatik sindrom yoki shunga o‘xshash ruhiy zo‘riqishlar aniqlangan Facebook xodimlarining har biri davolanish uchun 50 ming dollargacha pul oladi, deb ma'lum qildi da'vogarlarning advokati.

Facebook ijtimoiy tarmog‘iga joylashtiriladigan postlarni nazorat qiluvchi xodimlar muntazam ravishda zo‘ravonlik va tahqirlash tasvirlangan holatlarni ko‘rishlariga to‘g‘ri keladi. 2018 yil kuzda kompaniyaning sobiq xodimlaridan biri kontent nazoratida to‘qqiz oy ishlaganidan so‘ng unda posttravmatik sindrom aniqlangani uchun Facebook’ni sudga bergandi.

Kelishuvga ko‘ra, kompaniyada 2015 yildan beri ishlab kelayotgan Kaliforniya, Texas, Arizona va Floridadan bo‘lgan 10 mingdan ortiq xodim kompensatsiya oladi. Kompensatsiyaning eng kam miqdori ming dollarni tashkil etadi.

Facebook shuningdek, kontent nazoratchilarining ruhiy sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha choralar ko‘rishga va'da berdi. Bundan buyon videolar ovozsiz holda va oq-qora tasvirda ko‘riladi, nazoratchilikka nomzodlarning esa ruhiy bardoshi maxsus tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Mavzuga oid
Top