00:43 / 20.05.2020
1993
Estoniya bosh vaziri koronavirus sababli bir oy oilasidan alohida yashashiga to‘g‘ri kelganini so‘zlab berdi  

Estoniya bosh vaziri Yuri Ratas koronavirus pandemiyasi va mamlakatda favqulodda vaziyat e'lon qilingani sababli oilasidan bir oy alohida yashashiga to‘g‘ri keldi.  

Foto: Scanpix

Bosh vazirning ta'kidlashicha, u ota-onasi uyiga ko‘chib o‘tgan, onasi esa uning uyida rafiqasi va farzandlari bilan birga yashagan. “Men koronavirusga chalinishdan qo‘rqmadim, biroq oilamni undan himoyalash maqsadida 4 haftaga uydan ketdim. Men haftada uch marta uyga oziq-ovqat mahsulotlari olib kelib, xaltalarni eshik ortida qoldirib yurdim. Biz shu vaqt ichida muloqot qilmadik. Men ko‘plab odamlar bilan muloqotda bo‘lganim sababli koronavirusga chalinishim ehtimoli bor edi”, deb aytgan Ratas bu haqda Eesti Ekspress nashriga.

Uning tan olishicha, hukumat tomonidan koronavirus tarqalishi oldini olish uchun qabul qilingan barcha qarorlar ham to‘g‘ri bo‘lmagan. “Misol uchun, xususiy sektorga biznesini yopishi uchun yana bir necha kun berganimiz. Bu noto‘g‘ri bo‘lgan, chunki ular bu imkoniyatdan foydalanib, chegirmalar bilan savdo qilishga tushib ketishgan. Ommaviy tadbirlar bilan ham xuddi shunday vaziyat, biz ularga qat'iy “yo‘q” deyishimiz kerak edi”, deb ta'kidlab o‘tgan Ratas.

Estoniya 13 mart kuni pandemiya munosabati bilan kiritilgan favqulodda vaziyat rejimidan 18 mayda chiqdi, ammo mamlakatda yengillashtirishlar bir necha bosqichda sekin-asta kiritiladi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top