16:43 / 20.05.2020
2992
Karantin paytida farzandlikka olish tartibi qanday? Vazirlik izoh berdi

Karantin davrida farzandlikka olish tartibi qanday amalga oshirilyapti? Bu tizim ham boshqa sohalar kabi onlayn tarzda tashkil etilganmi? Fuqarolar qayerga murojaat qilishlari mumkin? Kun.uz muxbiri shu kabi savollarga javob olish uchun Xalq ta'limi vazirligi boshqarma bosh mutaxassisi O‘lmas Kamolovga murojaat qildi.

Karantin paytida farzandlikka olish qanaqa shaklda olib boriladi?

– Karantin munosabati bilan barcha ta'lim va tarbiya muassasalari yopiqligi sababli bolalar bilan ko‘rishish to‘xtatildi. Farzandlikka olish jarayoni ham sekinlashdi, lekin butunlay to‘xtab qolgani yo‘q. Fuqarolar yashash hududlaridagi xalq ta'limi bo‘limlariga murojaat qilishlari, kerakli hujjatlarni topshirishlari mumkin. Ayni vaqtda «yashil» va «sariq» hududda ushbu bo‘limlar faoliyat olib bormoqda.

Fuqarolar o‘zlarining yashash hududlaridagi xalq ta'limi bo‘limlariga qanday hujjatlarni topshirish talab etiladi?

Farzandlikka olish niyatida bo‘lganlar xalq ta'limi bo‘limlariga quyidagi hujjatlarni topshirishadi:

  • familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, nikohda qachondan beri turgani, er-xotinning birga yoki alohida yashashi, agar farzandlari bo‘lsa ularning soni va yoshi, farzandlikka olinadigan bolaning yoshi va jinsi ko‘rsatilgan ariza;
  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  • nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi (agar nikohda bo‘lsa);
  • oila a'zolari ko‘rsatilgan holda yashash joyidan ma'lumotnoma;
  • ish joyidan ish haqi ko‘rsatilgan ma'lumotnoma;
  • ish joyidan yoki yashash joyidan tavsifnoma;
  • farzandlikka oluvchi bo‘lishni xohlovchi shaxsning sog‘ligi to‘g‘risida tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanserining ma'lumotnomalari.

Farzandlikka oluvchilar bo‘lish imkoniyati to‘g‘risida xulosa tayyorlash uchun tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limi bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning turmush sharoitlarini o‘rganish natijalari bo‘yicha dalolatnoma tuzadi. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar, shuningdek, bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning turmush sharoitlarini o‘rganib chiqish dalolatnomasi asosida tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limi ariza berilgan kundan boshlab 30 ish kuni mobaynida ularning farzandlikka oluvchilar bo‘lishi imkoniyati to‘g‘risidagi xulosani tayyorlaydi. Ushbu xulosa ariza beruvchilarga beriladi va farzandlikka olishga nomzodlar sifatida hisobga qo‘yish uchun asos hisoblanadi. Xalq ta'limi bo‘limi tomonidan ijobiy xulosa olingach, farzandlikka olishga nomzod sifatida navbatga qo‘yiladi. Bu bo‘yicha Xalq ta'limi vazirligi rasmiy saytidan qo‘shimcha ma'lumotlarni olish mumkin.

Farzandlikka olish uchun hujjatlarni onlayn topshirsa ham bo‘ladimi?

– Onlayn hujjat tizimini joriy etish va bu orqali shaffoflikni ta'minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, lekin hali to‘liq oxiriga yetmagan. Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka olish O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasining Oila Kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan me'yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 171-son qarori bilan tasdiqlangan «Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida»gi nizom asosida amalga oshiriladi. Bola asrab olish bo‘yicha talabgor haqida ushbu huquqiy hujjatda belgilangan ma'lumotlarga ega bo‘lish uchun boshqa vazirliklar va tashkilotlar bilan ham yagona bazani yaratish kerak. Bu esa ma'lum vaqtni talab etadi. Shu sababli hozircha onlayn tarzda hujjatlarni qabul qilish jarayoni to‘liq ishga tushmadi.

Farzandlikka olish uchun navbati kelgan fuqarolar «yashil» hududlardagi mehribonlik uylariga borishlari mumkinmi?

– Karantin munosabati bilan barcha turdagi hududlardagi (yashil, sariq va qizil) ta'lim muassasalari yopiq, jumladan, mehribonlik uylariga ham kirish-chiqish taqiqlanadi. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini qarindoshlari ham ko‘rishlari mumkinmas. Faqat xodimlari kuchaytirilgan tartib asosida uyiga borib kelishiga ruxsat beriladi. Shu sababli navbati kelgan fuqarolar karantin tadbirlari tugashini kutib turishlari kerak bo‘ladi.  

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi

Top