22:50 / 21.05.2020
8032
TDYuU rektori va Intellektual mulk agentligi direktori bundan buyon vazir o‘rinbosari hisoblanmaydi

Adliya vazirligida vazir o‘rinbosarligiga tenglashtirilgan ayrim lavozimlar tugatilib, yangilari tashkil etildi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 19 may kuni imzolangan “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Farmonga ko‘ra Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi direktori lavozimini saqlagan holda adliya vaziri o‘rinbosari – Intellektual mulk agentligi direktori lavozimi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori lavozimini saqlagan holda adliya vaziri o‘rinbosari – Toshkent davlat yuridik universiteti rektori lavozimi tugatilmoqda.

Tugatilgan lavozimlar o‘rnida adliya vaziri o‘rinbosarlari lavozimlari kiritiladi.

Shuningdek, farmon bilan vazirlik markaziy apparatida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida ikkita boshqarma tashkil etilmoqda. Bular:

·       Fuqarolik-huquqiy munosabatlarni rivojlantirish boshqarmasi;

·       Ma'muriy tartib-taomillarni takomillashtirish va monitoringini yuritish boshqarmasi tashkil etilsin.

Bundan tashqari, prezident farmonida davlat organlari va tashkilotlariga sifatli yuridik xizmat ko‘rsatilishini ta'minlash maqsadida Namangan shahri va Qarshi tumanida eksperiment tariqasida tuman (shahar) adliya bo‘limlari huzurida davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu markazlar budjetdan moliyalashtiriladigan tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlaridagi mavjud shtat birliklarini qisqartirish hisobiga tashkil etiladi va tegishli tashkilotda qonun hujjatlari bilan yuridik xizmatlarga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshiradi.

Eksperiment natijalari asosida 2021 yil 1 yanvarga qadar ushbu tizim respublikaning barcha hududlariga tatbiq etilishi mumkin.

Top