23:38 / 22.05.2020
34359
«Prezidentimiz kecha-yu kunduz shu tashvish bilan band» – Birinchi xonim sirdaryoliklar bilan muloqot qildi

«Zamin» fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Sardoba suv omboridagi falokat ro‘y bergan hududdan evakuatsiya qilingan aholi holidan xabar olish uchun Sirdaryoga tashrif buyurdi.

O‘zbekistonning birinchi xonimi suv toshqinidan jabr ko‘rgan aholi vakillari bilan muloqot qilib, ularni Ramazon hayiti bilan qutlagan.

«Birinchi may kuni buni eshitib hammaning ko‘ngli vayron bo‘ldi. Kayfiyatlaringizni ko‘tarish uchun, ozgina bo‘lsa ham o‘z hissamizni qo‘shish uchun keldik.

Sizlarning g‘amingiz bizning ham dardimiz. Boshlaringga tushgan bu qiyinchilik biz uchun ham bir sinov. Prezidentimiz kecha-yu kunduz shu tashvish bilan band, qanday qilib shu odamlarni kelajakka ishontirsam, og‘irini yengil qilsam, avvalgi hayotiga qaytarsam deydi. Ramazon hayiti hammangizga muborak bo‘lsin, hammangizga sabr, kuch-quvvat berishini Yaratgandan so‘rab qolaman», degan Ziroat Mirziyoyeva.

Birinchi xonim tashrif davomida suv toshqinidan keyin viloyat hududidagi boshqa xonadonlarga joylashtirilgan ko‘p bolali oilalar bilan ham suhbat qurgan.

Tashrif chog‘ida «Zamin» fondi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining hamkorlikdagi ijtimoiy loyihasi e'lon qilingan. Ushbu loyiha Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi 11ta zarar ko‘rgan mahallalarda istiqomat qilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Suv ostida qolgan hududlarni qayta tiklash va ulkan qurilish ishlari ketayotgan bir paytda aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlarini ta'minlash maqsadida yoshi 60dan oshgan barcha qariyalar 10 kun davomida poytaxtda va Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida joylashgan sihatgohlar va dam olish maskanlariga, 7dan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa yozgi oromgohlarga bepul taklif etiladi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top