08:06 / 26.05.2020
35407
Qoraqalpog‘istonda 13 yoshli farzandini 15 000 dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

2020 yilning 19 may kuni 43 yoshli M.P. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

U To‘rtko‘l tumanida yashovchi “Qunduz” ismli ayol noqonuniy ravishda o‘z farzandini sotmoqchi bo‘lib yurganligini bayon qilgan va uning ushbu arizasiga asosan shu kuni soat 21:00da Beruniy tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, To‘rtko‘l tumanida joylashgan namunali uyda ijarada yashab kelayotgan, 38 yoshli Qunduz K. o‘zining ikkinchi farzandi, voyaga yetmagan 13 yoshli D.O.ni fuqaro S.E.ga 15.000 AQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtida ushlangan.

Hodisa sodir bo‘lgan joydan kimyoviy ishlov berilgan 400 AQSh dollari hamda qolgan 14.600 AQSh dollari miqdoridagi pullar aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida o‘rnatilgan tartibda olingan.

Holat yuzasidan To‘rtko‘l tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Q.K.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam savdosi) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top