11:34 / 28.05.2020
5981
«O‘zbekiston - AQSh - Afg‘oniston» birinchi uch tomonlama majlisi bo‘lib o‘tdi 

«Surxon – Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi, Pokiston dengiz portlariga chiqish imkonini beruvchi «Mozori-Sharif – Kobul», «Mozori-Sharif – Hirot» temir yo‘llari qurilishi kabi muhim loyihalarni jadal tatbiq etish zarurligi ta'kidlandi.

Foto: TIV axborot xizmati

2020 yil 27 may kuni videokonferensaloqa shaklida «O‘zbekiston - AQSh - Afg‘oniston» birinchi uch tomonlama majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, AQSh davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Devid Heyl va Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar ishtirokida o‘tdi.

TIV xabariga ko‘ra, tashqi siyosat idoralari rahbarlari «O‘zbekiston - AQSh - Afg‘oniston» uch tomonlama shakli Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini ilgari surish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash, shuningdek, uni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol jalb etishga qaratilgan amaliy takliflarni tayyorlash bo‘yicha dolzarb maslahatlashuv mexanizmi ekanligini qayd etdilar.

Tomonlar Afg‘oniston inklyuziv hukumatini shakllantirish va Milliy yarashuv bo‘yicha Oliy kengashni tashkil etish to‘g‘risidagi joriy yil 17 mayda imzolangan siyosiy bitim tuzilishini, Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» harakati tomonidan mahbuslarni ozod qilish amaliyotini davom ettirilishini yuqori baholadilar.

«Surxon – Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi, Pokiston dengiz portlariga chiqish imkonini beruvchi «Mozori-Sharif – Kobul», «Mozori-Sharif – Hirot» temir yo‘llari qurilishi kabi muhim loyihalarni jadal tatbiq etish zarurligi ta'kidlandi.

Videokonferensiya ishtirokchilari qayd etganidek, koronavirus pandemiyasi afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini berish, avvalo, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarurligini taqozo etmoqda. AQSh va Afg‘oniston vakillari O‘zbekiston rahbariyatiga Afg‘onistonga tovarlarni uzluksiz yetkazib berish, shuningdek, koronavirus tarqalishi davrida tranzit yuk tashish ta'minlangani uchun minnatdorlik izhor etdilar.

Ishni optimallashtirish va uch tomonlama shaklda hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida tomonlar muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli ishchi guruhlarini tashkil etishga kelishib oldilar.

Tadbir yakunida «O‘zbekiston - AQSh - Afg‘oniston» uch tomonlama uchrashuvining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi, deyiladi xabarda.

Top