23:59 / 05.06.2020
132032
5 iyun kuni 8 hududda yangi holatlar qayd etildi

5 iyun kuni O‘zbekistonda 68ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi va 160 bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 3247 bemorga javob berilgan, 16 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 744 bemor davolanmoqda.

Bugun yangi holatlar 8ta hududda qayd etildi - Samarqand, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yangi kasallar aniqlandi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 68ta holatdan 42tasi karantin muassasalaridagi fuqarolar orasida, 17tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 9 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. 

Aholi orasida (+17)
Toshkent shahrida aholi orasida 9ta yangi holat qayd etildi. Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, 4 iyun kuni poytaxtda aholi orasida qayd etilgan holatlar 3ta tuman - Mirobod , Yunusobod va Shayxontohur tumanlarida qayd etilgan. Jumladan, qurilish firmasining xodimida va «Mediapark» savdo majmuasi qo‘riqchisida virus aniqlangan.

Bugun Qashqadaryo viloyati yana koronavirusli hududga aylandi, viloyatda aholi orasida 4ta holat qayd etildi. Toshkent shahridagi «O‘rikzor» bozorida yuk tashuvchi bo‘lib ishlagan xodim va u bilan yaqin muloqotda bo‘lgan 3 nafar oila a'zosiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Toshkent viloyatida esa aholi orasida 2 holat qayd etilgan. Shuningdek, Namangan va Buxoro viloyatlarida aholi orasida 1tadan holat qayd etilgan.

Haydovchilar (+9)
Toshkent viloyatida 5, Sirdaryo viloyatida 4 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomobil haydovchilarida virus chiqqan.

Karantin (+42)
Toshkent viloyatida karantin markazida 14 kishi virusga chalingani aniqlangan, shuningdek, bemorlar bilan aloqada bo‘lgan 1 kishida virus yuqtirib olgani ma'lum bo‘lgan. 

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgani uchun karantinga olingan 4 kishida va xorijdan kelgan 3 kishida virus aniqlangan.

Samarqand viloyatida 11, Navoiy viloyatida 5, Buxoroda esa 4 nafar karantinga olingan fuqarolarda koronavirusdan zararlanish holatlari qayd etilgan.

Tuzalganlar (+160)
Bugun jami 160 nafar fuqaro sog‘aydi. Shundan 140 nafari Toshkent shahridagi, 14 nafari Navoiy viloyatidagi, 4 nafari Samarqand viloyatidagi ham 2 nafari Andijon viloyatidagi tibbiyot muassasalarida sog‘ayib chiqishdi. Toshkent shahrida kunlik tuzalishlar soni bo‘yicha rekord qayd etildi. Shuningdek, respublikada ham kunlik tuzalishlar bo‘yicha ko‘rsatkich - rekord natija hisoblanadi. Ayni vaqtda Andijon viloyatida bir bemor qolgan va ushbu hudud koronavirusdan xoli hududga aylanish arafasida.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 4007 nafar bemordan 3247 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 81 foizni tashkil etmoqda.
 
Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 744 nafar bemordan 12 nafari og‘ir, 1 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Shu kungacha jami 433 114 nafar fuqaro karantinga olingan bo‘lib, ularning 383 981 nafari karantindan chiqarilgan. 

Hozirda uy karantinida 26 687 nafar, statsionar karantinda esa 22 446 nafar fuqaro bo‘lib turibdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top