O‘zbekiston | 15:36 / 05.06.2020
52582
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda aholi orasida yangi bemorlar qayd etilishi davom etmoqda. «Mediapark» qo‘riqchisida koronavirus aniqlangan

4 iyun kuni Toshkent shahrining uchta tumanida - Mirobod , Yunusobod va Shayxontohur tumanlarida aholi orasida yangi kasallanish holatlari aniqlangan. Shayxontohur tumanida joylashgan «Mediapark» savdo majmuasida qo‘riqchi bo‘lib ishlovchi shaxsga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Ayni kunlarda koronavirus infeksiyasiga qarshi samarali olib borilayotgan chora-tadbirlar o‘z natijasini berib, karantin tadbirlari asta-sekin yumshatilmoqda. Shu bilan birga, hamon aholi orasidan kasallik qayd etilish holatlari uchrab turibdi.

4 iyun kuni qayd etilgan 96ta kasallanish holatidan 13 nafari aholi orasida aniqlangan. Shundan 4 holat Toshkent shahridan, 1 holat Toshkent viloyatida, yana 8 holat esa Navoiy viloyatida qayd etilgan.

«Toshkent shahri Shayxontohur tumanida vaqtincha yashovchi fuqaroda tana harorati ko‘tarilgan, tomoqda og‘riq bezovta qilgan. U tekshiruvdan o‘tkazilganda koronavirusga chalingani ma'lum bo‘ldi. Shu tumanda joylashgan qurilish firmasining xodimida ham ishga kelish uchun tahlil  o‘tkazilganda koronavirus aniqlangan. 

Mirobod tumanida yashovchi, nafaqadagi fuqaro yuqori qon bosimi bilan tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga olib kelingan va tekshirilganda unda ham koronavirus tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Yunusobod tumanida yashovchi fuqaroda tana haroratining ko‘tarilishi va tomoqda og‘riq bezovta qilgan. Uy sharoitida turli antibiotik dori vositalarni qabul qilgan.

Toshkent viloyatida yashovchi, poytaxtimizdagi Shayxontohur tumanida joylashgan «Mediapark» savdo majmuasida qo‘riqchi bo‘lib ishlovchi fuqaroda ham tana harorati ko‘tarilishi, holsizlik, quruq yo‘tal va tomoqda og‘riq bezovta qilgan. Infeksiya aniqlangan ushbu bemor ham uy sharoitida turli antibiotik dori vositalarni qabul qilgan», deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, Navoiy shahridan 6 nafar, Navbahor va Karmana tumanlaridan esa 1 nafardan koronavirusga chalingan bemor bevosita aholi orasida tasdiqlangan.

Qayd etilishicha, yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilib, tegishli qat'iy choralar ko‘rilmoqda.

«Bu kabi aholi orasida kasallanish holatlarining uchrab turishi atrofimizda kasallangan, ammo belgilari sezilmay yurgan fuqarolar ham bo‘lishi ehtimoli yuqori ekanidan dalolat. Shu bois, birinchi navbatda, karantin qoidalariga qat'iy rioya qiling. Qolaversa, kasallik belgilari sezilsa, o‘z bilganingizcha davolanishga harakat qilmasdan darhol shifokorga murojaat qiling.

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan har qanday holatda ham xotirjamlikka berilmay, karantin va sanitariya qoidalariga qat'iy amal qilish o‘zingiz va yaqinlaringiz xavfsizligini ta'minlashning asosiy sharti ekanini aslo unutmasligingizni so‘raydi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid