22:02 / 05.06.2020
2656
Lufthansa birinchi marta Germaniyaning 30 ta eng yirik kompaniyasi ro‘yxatini tark etdi

Koronavirus pandemiyasi sababli Yevropaning eng yirik aviakompaniyasi Lufthansa Frankfurt birjasida aksiyalari sotiluvchi 30 ta yirik kompaniya ro‘yxatidan chiqib ketdi. 22 iyundan aviakompaniya aksiyalari Germaniyaning DAX indeksidan birinchi marta chiqariladi.

Kompaniya indeksda u tashkil etilgan 1988 yildan beri qolayotgandi. DAX-30’da aviakompaniyaning o‘rnini Deutsche Wohnen ko‘chmas mulk agentligi egallaydi. Lufthansa esa ikkinchi divizionga - o‘rtacha kapitallashuvga ega 60 ta kompaniyani o‘z ichiga olgan MDAX indeksiga o‘tadi.

Germaniya aviakompaniyasi pandemiya sababli xalqaro parvozlarni to‘liq to‘xtatishiga to‘g‘ri kelgani sababli jiddiy zarar ko‘rdi. Kompaniya chorakni 2,1 mlrd yevro sof zarar bilan yakunladi va Germaniya hukumatiga yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Natijada hukumat aviakompaniyaga kreditlar ko‘rinishida 9 mlrd yevro miqdorida moliyaviy yordam taqdim qilishga rozi bo‘lgan va buning evaziga kompaniyaning 20 foiz aksiyasini hamda kuzatuv kengashida 2 ta o‘rin olgan. Shu tariqa, Lufthansa 1997 yildan beri ilk bor yana qisman davlat aviakompaniyasiga aylangan. 

Top