02:11 / 13.06.2020
29585

1-sinf o‘quvchilariga berilgan darsliklar maktabga qaytarilishi talab etilmoqda. Bu nechog‘lik to‘g‘ri?

Tahririyatimizga 1-sinflarga berilgan darsliklarni ota-onalardan zudlik bilan maktab kutubxonalariga qaytarib topshirish talab qilinayotgani haqida murojaatlar kelib tushmoqda.

Murojaatlardan birida aytilishicha, Termiz shahar xalq ta'limi bo‘limi barcha maktab direktorlariga xat yo‘llab, viloyat XTBning 2020 yil 1 iyundagi 01-5/235-sonli xatiga ko‘ra joriy (2019/20) yilidan boshlab, umumta'lim maktablarida foydalanilayotgan 1-sinf darsliklarning foydalanish davriyligi 2 yil etib belgilangani ma'lum qilingan.

Termiz shahar XTB maktab direktorlariga karantin davri tugagandan keyin 1-sinf darsliklarini toza, ozoda tutish, yaxshi saqlanishini nazorat qilish va o‘quvchilardan o‘rnatilgan tartibda qabul qilib olish bo‘yicha 19 iyunga qadar ma'lumotlarni elektron shaklda taqdim etish so‘ralmoqda.

Tahririyatga murojaat qilgan surxondaryolik ota-onalardan ayrimlari «Prezident sovg‘asi qaytarib olinmoqda», deyishmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, ular topshiriqni noto‘g‘ri talqin qilishgan.

XTV axborot xizmati boshlig‘i Anvar Umarovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, darsliklar «Prezident sovg‘asi» tarkibiga kirmaydi. Prezident sovg‘asi sifatida 1-sinf o‘quvchilariga 12 turdagi o‘quv qurollari beriladi.

Jumladan, yorug‘lik qaytargich elementlari bo‘lgan portfel, 2 xil chiziqdagi 12 dona daftar, qalamdon, rasm daftari, rangli qog‘oz, sharikli ruchka, akvarel buyoqlari, rangli qalamlar jamlanmasi, yelim, oddiy qalamlar va o‘chirg‘ich yangi o‘quv yilining ilk kuni «Prezident sovg‘asi» sifatida 1-sinf o‘quvchilariga topshiriladi.

Qolaversa, Xalq ta'limi vazirligi, Moliya vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining 2014 yil 28 apreldagi «Umumta'lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta'minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan Umumta'lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta'minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, o‘quvchi va o‘qituvchilarga bepul foydalanish uchun berilgan darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar o‘quv yili yakunida to‘liq hajmda umumta'lim maktabi kutubxona jamg‘armasiga qaytariladi, 1-sinf o‘quvchilariga berilgan ish daftarlari bundan mustasno.

Shuningdek, darsliklar yoki o‘quv-metodik qo‘llanmalardan foydalanish usulidan qat'i nazar, ular yo‘qolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan taqdirda, o‘quvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoxud homiylar yoki o‘qituvchilar zararni xuddi shunday darslik yoki o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan qoplaydi yoxud uning birlamchi hujjatlarda (hisob-fakturada, yuk xatida) ko‘rsatilgan qiymatini quyidagi miqdorlarda to‘laydi:

  • 1-sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning 1 baravari miqdorida;
  • 2–4 sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning 2 baravari miqdorida;
  • 5–9 sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning 4 baravari miqdorida.

«Bundan kelib chiqadiki, 1-sinf o‘quvchilarining darsliklari maktabga qaytarilishi yangilik emas. Bu tartibga 2014 yildan buyon o‘tilgan. Avval qaytarilgan darsliklar utilizatsiya qilingan, endi esa undan yangi o‘quv yilidan boshlab ilk bora yana bir marta qayta foydalanishga o‘tiladi», —  dedi Anvar Umarov.

Demak, o‘rnatilgan talablarga ko‘ra, 1-sinflarga berilgan barcha kitoblar yuqori sinf o‘quvchilarniki singari maktablarga qaytariladi. Faqatgina 1-sinf o‘quvchilariga berilgan ish daftarlaridan tashqari.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Top