15:16 / 14.06.2020
24472
Ma'muriy sud karantin qoidalarini buzganlikda ayblangan haydovchini aybsiz deb topdi

IIB YHXB va Mirobod tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati inspektorlari tomonidan karantin qoidalarini buzganlikda ayblangan haydovchi sud qarori bilan aybsiz deb topildi. Fuqaroning avtomashinasi jarima maydonida qonunga xilof ravishda saqlab turilgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Chirchiq shahrida yashovchi fuqaro M.V. bolaligidan 2-guruh nogironi, parvarishga muhtoj, «paralichning og‘ir simptomi» tashxisi asosida doimiy muolaja olib kelgan ukasi M.Tning kasali xuruj qilgani sababli 2020 yil 7 may kuni o‘zining «Lada-2103» rusumli avtomashinasida dori-darmon izlab Toshkent shahriga keladi.

Mirobod tumani hududida joylashgan «Risoviy» bozori qarshisida IIB YHXB inspektori Sh.Ataxatjayev tomonidan M.V.ga tegishli transport vositasi to‘xtatiladi va Mirobod tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati inspektori D.Aymatov tomonidan M.V.ning vaziyat yuzasidan tushuntirishi inobatga olinmasdan va haqiqiy holatga huquqiy baho berilmasdan karantin qoidalarni buzganligi va maxsus ruxsatnoma (stikersiz) harakatlanganligi uchun ma'muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Toshkent shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi Mirobod tuman bo‘limining 13 maydagi qarori bilan, M.V.ga nisbatan MJtK 54-moddasi 2-qismiga asosan BHMning 20 baravari, ya'ni 4 460 000 so‘m jarima jazosi tayinlanadi.

27 may kuni Toshkent shahar Mirobod tuman ma'muriy sudining raisi S.Sh.Yuldoshev fuqaro M.V.ning sanitariya-epidemiologiya nazorati Mirobod tuman filiali tomonidan chiqarilgan qarorga nisbatan norozi bo‘lib keltirgan shikoyatini ko‘rib chiqdi.

Sud, Respublika maxsus komissiyasining tegishli qarorini inobatga olib, M.V.ning bolaligidan nogiron bo‘lgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj ukasi M.T.ning hayoti va sog‘ligi uchun zarur dori-darmon vositalarini xarid qilish uchun Mirobod tuman hududidagi dorixonaga kelganligini inobatga olib, uning harakatlarida MJtK 54-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarlik alomatlari yo‘qligi sababli, unga nisbatan bo‘lgan ma'muriy ishni MJtK 271-moddasining 1-bandiga asosan harakatdan tugatdi.

Shu bilan birgalikda, M.V.ning boshqaruvidagi transport vositasi o‘sha kuni jarima maydoniga qonunga zid ravishda olib borib qo‘yilgan, deb topildi.

MJtKning 291-moddasi talabiga ko‘ra, transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish qonun hujjatlari bilan vakolat berilgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ushlab turish sababi bartaraf etilgunga va ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilgunga qadar amalga oshirilishi mumkinligi ko‘rsatilgan bo‘lib, aynan mazkur kodeksning 54-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun na ichki ishlar organi na davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati organi tomonidan ushlab turish, ya'ni avtotrastport vositasini jarima maydonchasiga olib borib saqlash nazarda tutilmagan.

Biroq, IIB YHXB inspektori Sh.Ataxatjayev va Mirobod tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati inspektori D.Aymatovlar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda, M.V boshqaruvidagi transport vositasida yuqoridagi qonun talablariga zid ravishda jarima maydonchasiga qo‘yilishi, transport vositasi 7 maydan 27 maygacha – 20 kun mobaynida jarima maydonchasida saqlanishi, shuningdek u avtomashinasini jarima maydonidan olib chiqish uchun ortiqcha sarf-xarajat qilgani, sarson-sargardon bo‘lgani oqibatida, uning huquq va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari qo‘pol ravishda buzilgan.

Sud fuqaro M.V.ga buzilgan huquqlarini tiklash tartibini tushuntirib berib, qonunga xilof ravishda ma'muriy javobgarlikka tortilgani natijasida yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni qoplash haqidagi talab bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da'vo ariza kiritishga haqli ekanini tushuntirdi.

Shuningdek, sud tomonidan qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli ta'sir choralari ko‘rish va kelgusida bu kabi qonun buzilishi holatiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan chora tadbirlar belgilash to‘g‘risidagi Toshkent shahar IIB YHXB hamda Toshkent shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasiga taqdimnoma kiritildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top