19:16 / 16.06.2020
5145
Navoiyda kiyik ovlaganlar jarimaga tortildi

Ikki fuqaro qonunga xilof ravishda 2 bosh kiyik va 3 dona yovvoyi quyonlarni ovlaganlar. Ularga nisbatan chiqarilgan sud hukmiga ko‘ra jinoyatchilarga 3 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi va 46 mln so‘m jarima undirildi.

Fuqaro A.Amireyev va Z.Atimov o‘zaro til biriktirib, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda kamyob va yo‘qolib borayotgan hayvon turini ovlashning belgilangan tartibini buzib, O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan hayvonot dunyosi turlarini nobud qilgan holda, Tomdi tumani “Shiyeli” OFY atrofida joylashgan “Sug‘urquduq” deb nomlangan quduq yonida 2 bosh jayron (kiyik) va 3 dona yovvoyi quyonlarni ovlagan.

Bu ikki huquqbuzarga nisbatan sudning hukmi o‘qilib, O‘zbekiston Respublikasi JKning 202-moddasi 3-qismi “j” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ovda foydalanilgan mototsikl va ov quroli davlat hisobiga musodara qilinib, ovchilarga 3 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.

Navoiy viloyat atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi foydasiga esa Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudining 15.04.2020 yildagi qaroriga asosan 45 mln 938 ming so‘m miqdorida yetkazilgan zarar fuqarolar A.Amireyev va Z.Atimovdan undirish belgilandi.

Mazkur ijro hujjati Byuroning Tomdi tuman bo‘limi ish yurituviga 06.05.2020 yilda kelib tushdi va davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlari olib borildi. Ko‘rilgan choralar natijasida huquqbuzarlardan naqd 45 mln 938 ming so‘m zarar pullari to‘liq undirib olindi.

Top