00:00 / 18.06.2020
40277
Toshkent viloyatida tuman hokimi o‘rinbosari va harbiy qism mayori pora bilan ushlandi

«Axborot 24» dasturida DXX va prokuratura organlari tomonidan aniqlangan bir nechta korrupsiya va firibgarlik jinoyatlari haqida ma'lumot berildi.

Toshkent viloyatida 60 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan tuman hokimi o‘rinbosari qo‘lga olindi

Toshkent viloyati tumanlaridan birida hokim o‘rinbosari vazifasida ishlovchi shaxs tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga 10 gektar bo‘sh yer maydonini 60 ming dollarga sotishi va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, undan 25 ming dollar olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, bundan biroz muqaddam ushbu mansabdor shaxsning jinoiy aloqasi bo‘lgan kimsa ham 1 gektar unumdor yer maydonini 100 ming dollarga sotayotganda ushlangan bo‘lgan.

Xabarda hokim o‘rinbosarining kimligi, qaysi tuman mansabdori haqida gap ketayotgani ochiqlanmagan.

 

Harbiy qism mayori 3 ming dollar pora bilan ushlandi

Toshkent viloyatida joylashgan, Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qismlardan birida xizmat qiluvchi mayor unvonidagi harbiy xizmatchi mahalliy fuqarodan shartnoma asosida haqiqiy harbiy xizmatga qabul qilinishiga yordam berish evaziga 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida u muqaddam boshqa bir fuqaroni shartnoma asosida haqiqiy harbiy xizmatga chaqirilishi uchun yordam berishini va'da qilib, 700 dollar olgani ham ma'lum bo‘lgan.

Mayor unvoniga ega ofitserning bunday noqonuniy xatti-harakatlarini amalga oshirishida vositachilik qilgan ayol ham tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.

 

Konservatoriyaga o‘qishga kirish uchun 5 ming dollar

Toshkentdagi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi qoshidagi Iqtidorli bolalar akademik litseyi katta o‘qituvchisi o‘zganing ishonchiga kirib, undan 5 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

U mazkur pul evaziga muqaddam ushbu litseyda o‘qigan fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan.

 

Xorazmda 45 ming dollar evaziga tadbirkorning muammosini hal etib bermoqchi bo‘lgan firibgar qo‘lga olindi

Xorazm viloyati Urganch tumanida istiqomat qiluvchi tadbirkor o‘ziga tegishli bo‘lgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasini rekonstruksiya qilish yo‘li bilan uni avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish kompressor stansiyasiga aylantirish uchun tegishli hujjatlarni joriy yilning yanvar oyida viloyat hokimligiga taqdim etadi.

Biroq hozirgacha uning masalasi hal etilmaganidan xabar topgan uddaburon kimsa go‘yoki hokimiyat idoralaridagi tanishlari orqali uning muammosini hal qilib berishini aytib, evaziga 45 ming dollar so‘raydi.

DXX Xorazm viloyati boshqarmasi va viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs tadbirkordan 44 ming dollar olayotgan vaqtida ushlangan.

Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top