20:50 / 29.06.2020
14001
Toshkent markazida ko‘p qavatli uylar orasiga xususiy klinika qurilishi belgilandi. Fuqarolar bunga qarshi bo‘lishmoqda

Toshkent shahar hokimligi Markaz-4 dahasidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan mahallada kosmetologiya klinikasi qurilishi uchun 5 sotix yer ajratib berdi. Ammo mahalla ahli bu qurilishga qarshilik bildirmoqda.

Toshkent shahar hokimining 2020 yil iyundagi 522-sonli qaroriga asosan, «Esteticheskaya Medecina» MChJ investitsiya shartnomasida ko‘rsatilgan talablar bajarilishi uchun Yunusobod tumani, Markaz-4 dahasi, 28-29-30-uylar oralig‘idan 5 sotix yer maydoni ajratib berilgan.

MChJ ajratilgan hududda kosmetologiya klinikasini qurishni rejalashtirgan.

Biroq mazkur hududdagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi o‘nlab fuqarolar hokim qaroridan norozi. Ular ajratilgan hududda klinika qurib bo‘lmasligini, bu shaharsozlik normalariga zidligi, yo‘llar yopilib qolishini ta'kidlashmoqda.

Fuqarolar favqulodda holat bo‘lgudek bo‘lsa, o‘tish yo‘llari yopilib qolishi mumkinligini aytmoqdalar.

«Ko‘p qavatli uylar oldiga bunday qurilishni qurish uchun ushbu hududdagi fuqarolar bilan kelishish kerak. Bu qurilish shaharsozlik normalariga to‘g‘ri kelmaydi. Shahar hokimligi ham mahalla bilan kelishmay qaror chiqarib bergan.

Biz prokuratura, FVV, shahar va tuman hokimliklariga murojaat qildik. Favqulodda vaziyatlar vazirligining javobida mazkur hududda qurilish umuman mumkin emasligi ta'kidlangan. Ushbu qurilish noqonuniy va to‘xtatilishi kerak», – deydi mahalla fuqarolaridan biri Eldar Baybekov.

Mahalla ahli MChJning qurilishga ruxsat beruvchi tashkilotlardan ruxsat olmaganini ham qo‘shimcha qildi.

Mahalla ahli bilan uchrashuvga kelgan MChJ vakili Farrux Xudayqulovning so‘zlariga ko‘ra, qurilishni boshlashdan oldin fuqarolarga ko‘plab takliflar berilgan. Yilda bir marta tekin ko‘rikdan o‘tish, yo‘llarni ta'mirlash, nochor xonadonlar bo‘lsa uylarini ta'mirlab berish va hokazo.

«Shahar hokimi bilan tuzilgan investitsion shartnomaga asosan, biz 6,5 mlrd so‘mlik shaxsiy mablag‘larimizdan investitsiya jalb qilib, 50ta ish o‘rinli tibbiyot klinikasini qurmoqchimiz.

Hozir mahalla fuqarolari bizga ajratilgan hududga daraxt ekishgan. Hokim qarori chiqishidan oldin barcha tashkilotlarga murojaat qilib, ruxsat olib, yig‘ilgan hujjatlarni hokimiyatga taqdim qilganmiz. Zaxiraga olish haqida 2019 yilda qaror chiqqan.

Hamma xonadonlar ham qarshi emas. 30 uydan ba'zi fuqarolar e'tiroz bildirishmoqda.

Farrux Xudayqulov

Investitsiya shartlaridan tashqari, fuqarolarga 21tadan ortiq ijtimoiy takliflar berganmiz. Ikkita yo‘l va axlatxonani ta'mirlash va qurish, xarob uylar bo‘lsa, ta'mirlash ishlarini amalga oshirish; 30-uyning taklifiga ko‘ra, bir yilda bir marta mahalla ahlini tibbiy ko‘rikdan tekin o‘tkazish va hokazo.

Biz ham o‘z-o‘zidan qurilishni boshlamoqchi emasmiz. Davlat tashkilotlarining ruxsati bilan boshlaymiz», – deydi MChJ vakili.

Lekin ushbu takliflarni mahalla ahli qabul qilishmayapti. Kompaniyadan aniq investitsion loyiha va takliflarni so‘rashmoqda. Chunki berilgan takliflarni shundoq ham qilib beradigan tashkilotlar bor.

Ushbu hududda qurilish ishlari bo‘lishiga rozi fuqarolar ham bor. Ular klinika qurilishi mahalla ahliga ko‘plab qulayliklar yaratib berilishini aytishmoqda.

«Hozirda hamma yerda qurilish ketmoqda. Odamlar har doim norozi. Qurilishni baribir qilishadi. Hech kimga xalaqit qilmayapti. Shaxsan men qurilish bo‘lishiga qarshi emasman», – deydi fuqarolardan biri biz bilan suhbatda.

Shu kuni fuqarolar, tadbirkorlar, shahar va tuman hokimligi  o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Lekin hozircha aniq bir qarorga kelinmadi.

Mahallaning qator fuqarolari qurilish bo‘lishiga qarshi, tadbirkorlar hokim qarorini olishgan, hokimlik esa ikki tomon kelishuvga erishishiga harakat qilmoqda.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Rahmatillo Isroilov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top