00:46 / 04.07.2020
110821
Olti hududda yangi kasallanish holatlari qayd etildi

3 iyul kuni O‘zbekistonda 318ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 9396 holat), 217 nafar bemor sog‘aydi, 2 kishi vafot etdi. Shu vaqtgacha 6251 bemorga javob berilgan, 29 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 3116 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 6 hududda - Toshkent shahri, Surxondaryo, Samarqand, Buxoro, Andijon va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 318 holatdan 273tasi karantin muassasalarida, 45tasi aholi orasida aniqlangan.

Aholi orasida (+45)
Bugun uch hududda aholi orasida yangi kasallanish holatlarning qayd etildi, shundan eng ko‘p qismi Toshkent shahrida - 37 holat. Poytaxtda 4 iyun kunidan buyon uzluksiz ravishda aholi orasida koronavirus aniqlanib kelinmoqda.

Andijon viloyatida aholi orasida yana yangi kasallar aniqlana boshladi - 29 iyundan buyon viloyatda aholi orasida yangi holatlar qayd etilmayotgandi. Ayni vaqtgacha viloyatda jami 214 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan, shundan 181 kishi davolanib chiqqan, shifoxonalarda 33 bemor davolanmoqda.

Toshkent viloyatida aholi orasida yana 3 kishida virus aniqlangan. Viloyatda so‘nggi haftalarda uzluksiz ravishda aholi orasida yangi holatlar aniqlanmoqda (faqat 1 iyul kunidan tashqari).

Karantin (+273)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 113 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 45 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Toshkent viloyatida bemorlar bilan aloqasi tufayli karantinga olingan 23 kishida virus chiqdi.

Surxondaryo viloyatida kun davomida 69ta yangi holat qayd etildi. Bu ko‘rsatkich viloyat uchun rekord hisoblanadi. Avvalgi rekord ko‘rsatkich 27 iyun kuni qayd etilgandi - 26 kishida kasallik aniqlangan. Shundan buyon viloyatda yangi kasallanish holatlari qayd etilmayotgandi. Bir kun ichida Surxondaryoda kasallanish holatlari soni 101tadan 169taga yetdi. Shu vaqtgacha 67 bemor tuzalib chiqqan, ikki kishi vafot etgan. 

Bugun shuningdek, Samarqand viloyatida karantindagilar orasida 14 kishi, Buxoroda esa 9 kishi virusdan zararlangani ma'lum bo‘lgan.

Haydovchilar (+0)
Bugun xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilarida koronavirusdan zararlanish holati aniqlanmadi.

Tuzalganlar (+217)
Bugun Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida 212 nafar, Namanganda 5 nafar bemor sog‘aydi, kunlik tuzalish ko‘rsatkichi bo‘yicha rekord qayd etildi.

Shu vaqtgacha kasallik qayd etilgan jami 9396 nafar bemordan 6251 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 66 foizni tashkil etmoqda.

O‘lim (+2)
Sog‘liqni saqlash vazirligi 28 iyundan 1 iyulgacha 7 ta o‘lim holati haqida ma'lum qildi. Ammo 2 iyul sanasida koronavirusdan vafot etish bilan bog‘liq yangi holatlar haqida xabar berilmadi. Aslida shu kuni Toshkentda bir erkak va bir ayol kasallik asoratlaridan vafot etgani ma'lum bo‘ldi.

Toshkent shahrida yashovchi 59 yoshli G‘.B. ismli erkak 2 iyul kuni o‘ta og‘ir holatda Toshkentdagi 4-son shahar klinik shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va sun'iy nafas berish apparatiga ulangan. Ammo u o‘sha tunda vafot etgan.

Toshkent shahrida yashovchi 77 yoshli N.G. ismli ayolga 23 iyun kuni koronavirus infeksiyasidan zararlanish tashxisi qo‘yilgan va Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ammo u 2 iyul kuni o‘tkir yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3116 nafar bemordan 16 nafari og‘ir, 8 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Mamlakatda uy karantinida 41 926 nafar, statsionar karantinda esa 22 438 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top