17:48 / 09.07.2020
2698
Tanqiddan so‘ng: Urganch tumanidagi chiqindi poligonini tartibga keltirish masalasi Senat nazoratiga olindi

Xorazm viloyati, Urganch tumani, G‘aybu qishlog‘idagi Cho‘lobod mahallasi aholisi chiqindi poligonidan tarqalayotgan badbo‘y hiddan aziyat chekayotgani, shuningdek, sanitariya holati yomonlashganidan Kun.uz`ga shikoyat qilgan edi.

Bu haqda 1 iyul kuni «Urganch tuman aholisi chiqindi poligonining badbo‘y tutuni va sassiq hididan aziyat chekmoqda» nomli tanqidiy maqola e'lon qilindi.

Oliy Majlis Senati axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu masala yuqori palataning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev va bir qator tegishli idoralar mas'ullari hamda Cho‘lobod mahallasida yashovchi fuqarolar ishtirokida joyida o‘rganilgan.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

«Aniqlanishicha, «Urganch Avto Eko Trans» MChJga qarashli Markaziy chiqindi poligonida chiqindilar turlarga saralanmagani va haroratning yuqori darajaga ko‘tarilgani sababli tez-tez yong‘inlar chiqib, havoga badbo‘y hidlar tarqalishiga sabab bo‘lgan.

O‘rganish jarayonida bu kamchiliklarning takrorlanmasligi bo‘yicha poligon mutasaddilariga topshiriqlar berildi. Shu kabi salbiy holatlarning oldini olish yuzasidan Xorazm viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi huzurida maxsus komissiya tuzildi.

Shuningdek, viloyatdagi barcha chiqindi poligonlarini sanitariya talablari asosida zudlik bilan tartibga keltirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Fuqarolar tomonidan murojaatda qayd etilganidek, hududdan oqib o‘tuvchi ichki zaxkashni ta'mirlash hamda aholiga qulaylik yaratish maqsadida ko‘prik barpo qilish masalasi bo‘yicha «Chapkirg‘oq Amudaryo ITXB huzuridagi Meliorativ ekspeditsiyasi»ga ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, bu masalalarning barchasi senator tomonidan nazoratga olindi», – deyiladi Senat axborot xizmati ma'lumotida.

Top