11:01 / 13.07.2020
24192
Eski mojaroning yangi ko‘rinishi. Armaniston-Ozarboyjon to‘qnashuvining yechimi bormi?

Yakshanba kuni Ozarboyjon va Armaniston chegarasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi. Ushbu to‘qnashuv oqibatida halok bo‘lganlar bor. Voqea harbiylar tilida “Raqib yo‘qotishga uchradi va chekindi” deb ifodalandi.  

Foto: AFP

12 iyul kuni arman va ozar harbiylari o‘rtasidagi to‘qnashuv Ozarboyjon va tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi chegarasida emas, balki undan shimolroqda, arman-ozar chegarasida sodir bo‘ldi.

“12 iyul tush vaqtidan boshlab Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari artilleriya qurilmalaridan pozitsiyalarimizni o‘qqa tutdi. Ikkala tomondan ham yo‘qotishlar bor”, deb ma'lum qildi Ozarboyjon mudofaa vazirligi.

Vazirlikning ma'lumot berishicha, Boku tomonidan 2 harbiy halok bo‘lgan, 5 harbiy yaralangan.

“Hozirda ushbu yo‘nalishda janglar davom etmoqda. Bo‘linmalarimiz operativ holatni nazorat qilmoqda. Munosib choralar natijasida raqib yo‘qotishga uchradi va chekindi”, deb qo‘shib qo‘ydi Ozarboyjon mudofaa vazirligi vakili.

O‘z navbatida Armaniston tomoni Ozarboyjonni chegarani buzishga urinishda aybladi.

“Ozarboyjon qurolli kuchlari xizmatchilari bizga tushunarsiz sabablarga ko‘ra UAZ avtomobilida Tovuz yo‘nalishida davlat chegarasini buzishga urinish amalga oshirdi. Armaniston tomonining ogohlantirishidan keyin raqib harbiylari avtomobilni tashlab, o‘z pozitsiyalariga qaytgan”, deyiladi Armaniston mudofaa vazirligi xabarida.

Biroq Yerevanning ta'kidlashicha, shundan keyin Ozarboyjon harbiylari artilleriya qurolidan o‘t ochib, Armanistondagi tayanch punktni egallab olishga harakat qilgan.

“Ozarboyjon tomoni chekinish chog‘ida yo‘qotishlarga uchradi, Armaniston qurolli kuchlarida yo‘qotishlar yo‘q”, deyiladi Armaniston mudofaa vazirligi tomonidan.

Shu tarzda eski mojaro – Armaniston-Ozarboyjon mojarosi yana bir bor bo‘y ko‘rsatdi. 1992-1994 yillarda Tog‘li Qorabog‘ bois nizo keng miqyosdagi urush tusini olgandi. 1994 yil mayida Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ respublikasi bir tomondan va Ozarboyjon bir tomondan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Keyingi o‘n yilliklar davomida davriy hodisalarga qaramasdan, vaziyat barqarorligicha qolayotgandi.

Eng yirik mahalliy to‘qnashuv esa 2012 yil iyunda Tovuz oblastidagi Berdavan va Chinari qishloqlarida yuz bergandi. O‘shanda uch nafar arman va bir nafar Tog‘li Qorabog‘ harbiysi, Ozarboyjondan esa besh nafar askar halok bo‘lgandi.

Nizo 2016 yil aprelda yana kuchayish xavfi ostida qoldi. “To‘rt kunlik urush” nomini olgan to‘qnashuvlardan so‘ng Armaniston va Ozarboyjon sulh kelishuvini imzoladi – kelishuvga Moskvadagi muzokaralarda erishildi. Keyinchalik tomonlar bir necha bor bir-birini o‘t ochish rejimini buzishda aybladi.

May oyida Ozarboyjon mudofaa vazirligi yirik harbiy mashg‘ulotlardan so‘ng Boku Tog‘li Qorabog‘ ustidan nazorat o‘rnatishi uchun kuch ishlatishiga to‘g‘ri kelsa, u holda choralar “qaqshatqich va vayronkor bo‘lishi, raqib esa ulkan yo‘qotishlarga uchrashi hamda butkul mag‘lub bo‘lishi” haqida bayonot berdi.

Bahorda bo‘lib o‘tgan harbiy mashg‘ulotlarda 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi, 120ga yaqin tank va zirhli texnika, 30ga yaqin aviatsiya texnikasi qatnashdi.

 O‘shanda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Qorabog‘ mojarosi Ozarboyjonning hududiy yaxlitligi doirasida yechim topishi lozimligini ta'kidladi. Shu bilan birga, iyun oxirlarida Ozarboyjon TIV mamlakat tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyarov va Armaniston tashqi ishlar vaziri Zograb Mnatsakanyan o‘rtasida Qorabog‘ nizosini barqarorlashtirish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazishini e'lon qildi. Uchrashuv 30 iyun kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo bu haqda hech qanday xabar chiqmadi.

 Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan juma kuni mamlakat milliy xavfsizligining yangi strategiyasini muhokama qilish chog‘ida Tog‘li Qorabog‘dagi armanlar jamiyatining fikri muhimligiga e'tibor qaratdi. Boku bunga darhol javob qaytardi.

“Strategiya punktlari muzokaralar jarayoni uchun to‘siq hisoblanadi, Armaniston tomonining xalqaro qaror va rezolyutsiyalarga nisbatan hurmatsizligini ko‘rsatadi», — deya iqtibos keltiradi «Interfaks-Ozarboyjon» mamlakat TIV bayonotidan.

Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi nizo hech bir davlat uchun manfaatli emas. Asosiysi, bahsli masalalar tezlik bilan va oqilona yechim topmaydigan bo‘lsa, bundan uchinchi kuchlar foydalanib qolishi mumkin. Bu esa ancha vaqtgacha o‘chmaydigan yangi urush olovini yoqishi, sayyoramizdagi notinch mintaqalar soni yana bittaga ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston mojarosi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top